Nihoyat, Nokia 9 va Nokia 8 (2018) taqdimot sanasi hamda narxlari ma’lum!

  •   DiMaX
  •  2434
  •  04.12.2017 13:01

Nihoyat, Nokia 9 va Nokia 8 (2018) taqdimot sanasi hamda narxlari ma’lum!

Nokia brendi huquqini sotib olgan HMD Global dekabr oyida bir yoshga to‘ldi. Endi chiqqan yangi ma’lumotlarga qaraganda, kompaniya bu yubileyini tez orada yangi smartfoni – Nokia 9 flagmanini taqdim etish bilan nishonlamoqchi. Taxminlarga ko‘ra, taqdimotda yangi qurilmaning o‘zigina emas, balki ikkinchi avlod Nokia 8 smartfoni ham namoyish etiladi. Bu xususda Gizmochina nashri xabar bergan.

O‘QING: Nokia 9’ning barcha tafsilotlari bitta videoda: Galaxy Note 8 kabi, faqat qiziqroq

HMD Global o‘zining Nokia 8 smartfonini joriy yilning sentyabrida taqdim etgan edi. Garchi flagman xususiyatlariga ega bo‘lsa-da, uning dizayni birmuncha eski bo‘lib, shu jihatidan u Galaxy S8, Note 8, LG V30 va boshqalari bilan raqobatlasha olmaydi. Nihoyat, Nokia 9 modeli bu kompaniyaning «haqiqiy» flagmani bo‘layotir.

Yaqindagina chiqqan ma’lumotga ko‘ra, kompaniya yangi flagmanini 2018 yil 19 yanvarda bo‘lib o‘tadigan tadbirda namoyish etmoqchi. Nokia 9 diagonali 5,5 dyuymli, 2K sifatida bo‘lgan, chekkalari qayrilma ekran bilan jihozlanadi. Nokia 8 (2018) modeli esa, aftidan, tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lgan displeyi, shuningdek romsiz dizayni bilan diqqatga sazovor.

O‘QING: Nokia 9 dizaynini g‘ilofchi kompaniya «sotib qo‘ydi» (+10 surat)

Mazkur ikkita smartfon ham ilg‘or, ammo endi flagman bo‘lmagan Snapdragon 835 protsessori bazasida ishlaydi. Ularning asosiy kamerasi qo‘sh ob’yektivga ega. Nokia 9 hamda ikkinchi avlod Nokia 8 korpuslari IP67 standarti bo‘yicha himoyalangan. Biroq ularda 3,5 millimetrlik audiotirqish bo‘lmasligi aytilmoqda.

Narx masalasiga kelsak, Nokia 9 modelining bazaviy modifikatsiyadagi – 6 GB tezkor va 64 GB doimiy xotiraga ega talqini taxminan 550 AQSh dollariga baholanadi. Uning nisbatan kuchli – 8/128 gigabaytlik versiyasining narxi esa 635 dollar bo‘lishi taxmin qilinayotir. Nokia 8’ning ikkinchi avlod modeli haqida bo‘lsa hozircha boshqa ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Nokia flagmani Android 8.0 Oreo’gacha yangilana boshladi, o‘zgarishlar bilan tanishing

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!