Nokia 105 va Nokia 130: hozirgina yangi telefonlar taqdim etildi

Nokia 105 va Nokia 130: hozirgina yangi telefonlar taqdim etildi

Nokia kompaniyasi bugun -- 17 iyulda o‘zining Nokia 105 va Nokia 130 nomli tugmachali telefon modellarini yangi talqinda namoyish qildi. Telefonlar yangi dizayn, protsessor va hamyonbop narxga ega bo‘lgan.


Nokia 105

HMD Global kompaniyasi ilk Nokia 105 modeli taqdim qilinganidan 2 yil o‘tib, telefonning tubdan o‘zgargan 2-avlod versiyasini bozorga qaytarish rejasini tuzib chiqqan ko‘rinadi. Yangitdan namoyish qilingan Nokia 105'ning avvalgi modellardan farqi — nisbatan katta va rangli 1,8 dyuymli displeyi. Avvalgi Nokia 105 modelida 1,45 dyuymli ekran o‘rnatilgan edi.

Shuningdek, yangi Nokia 105 telefoni 4 megabaytli operativ xotira hamda 4 megabaytli doimiy ichki xotiraga ega bo‘lgan. 

Nokia 105 aloqaning 2G tarmog‘ida ishlaydi. Uning korpusdan ajraladigan batareyasi sig‘imi 800 mA soat. Bu akkumulyator telefonda 15 soat suhbat qurish imkonini beradi. Kutish rejimida esa bu quvvat bilan telefon 1 oy "yashaydi".
Nokia 105  telefonida 500 ta SMS, "telefon kitobi"da 2000 ta kontakt raqamlarni saqlab qo‘yish mumkin.

Shu bilan birga, ilg‘or «trubka»da FM-radio, 3,5 mm.li audio-tuynuk va micro-USB 2.0 porti mavjud. Telefonda kamera yo‘q.

O‘lchamlari: 112 x 49,5 x 14,4 mm., vazni -- 73 gramm.

Telefon Nokia Series 30+ operatsion tizim platformasida ishlaydi hamda qadrdon Snake Xenzia o‘yini bilan birga taqdim qilinadi. HMD Global'ga ko‘ra, Nokia 105 telefoni bozorda 1 va 2 ta sim-kartali talqinlarda sotiladi.

Yangi Nokia 105 ko‘k, qora va oq rangli talqinda ishlab chiqariladi. Uni xalqaro bozorda 15 dollardan xarid qilish mumkin.

Nokia 130

HMD Global shu kuni yana bir hamyonbop telefoni -- 2014 yilda namoyish qilingan Nokia 130'ning rimeyk talqinini namoyish qildi.

Telefon 1,8 dyuymli, 128 x 160 pikselli ekran, 4 MB operativ hamda 8 MB doimiy xotira bilan ta’minlangan. Unda, shuningdek 32 gigabaytgacha sig‘imli xotira fleshkasini o‘qiydigan microSD bo‘lmachasi ham bor.

Nokia 130 apparatida FM-radio, 3,5 mm.li audio-tuynuk, micro-USB 2.0 porti mavjud.

Bluetooth moduli mavjudligi bois, telefon simsiz audio-quloqchinni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Telefonda fotochaqnoqli kamera ham mavjud. 

Uning o‘lchamlari: 111,5 x 48,4 x 14,2 mm.

Uning elektr toki sig‘imi 1020 mA soat bo‘lgan batareyasi yordamida telefonda 44 soat suhbat qurish mumkin. O‘rtacha foydalanganda bu quvvat unga 1 oyga yetadi.

Nokia 105 kabi, yangi Nokia 130 telefoni ham Nokia Series 30+ platformasida faoliyat ko‘rsatadi. Unga Snake Xenzia bilan birga, 5 ta sodda o‘yinlar o‘rnatilgan.

Yangi Nokia 130 qora, kul rang va qizil rangli korpuslarda, $28 dollar bahosida sotuvga chiqariladi.

HMD Global kompaniyasi ijrochi direktori Arto Nummela (Arto Nummela)ning ma’lum qilishicha, bozorda bu smartfonlarga katta ehtiyoj mavjud. Jumladan, 2016 yilda mazkur hamyonbop modellardan jami 400 million dona sotilgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.