Nokia 3310 4G jihatlari rasman ma’lum qilindi

Nokia 3310 4G jihatlari rasman ma’lum qilindi

MWC-2017 -- Jahon mobil kongressida HMD Global kompaniyasi "tugmachali" Nokia 3310 telefonini taqdim qilgan edi. Bu taqdimot ko‘proq brendga nisbatan nostalgiya yoki o‘tmish sog‘inchi saqlanib qolgan muxlislar orasidagi piar-aksiya bo‘ldi. Nokia bu telefoni bilan o‘zi kutganchalik obro‘ qozona olmagan bo‘lsa ham, HMD Global mazkur modelning 4G LTE tarmog‘ida hamda YunOS 5.2.0 operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydigan talqinini ishlab chiqarishga qaror qildi.

Yettinchi yanvarda Xitoyning telekommunikatsiya sohasida guvhonoma beruvchi TENAA tashkiloti Nokia 3310 4G telefoniga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, telefon korpusi quyidagi o‘lchamda bo‘ladi: 117x52,4x13,35 mm, shu bilan birga, u 73,5 gramm tosh bosadi. Mobil aloqa vositasiga elektr toki sig‘imi 1200 mA soat bo‘lgan akkumulyator o‘rnatiladi.

Mobil qurilma 2 yadroli, chastota tezligi 1,5 GGs bo‘lgan protsessor, 256 MB operativ xotira hamda 512 MB doimiy xotiraga, 128 gigabaytgacha qo‘shimcha xotira fleshkasini qo‘llab-quvvatlaydigan microSD bo‘lmachasiga ega bo‘ladi.

Nokia 3310 4G telefoni 2,4 dyuymli, piksel sig‘imi 320x240 belgiga teng displey bilan ta’minlanadi.

Nokia 3310 4G nomidan ham ko‘rinib turibdiki, aloqaning to‘rtinchi avlodi -- LTE (38/39/40/41) tarmog‘ida ham faoliyat ko‘rsatadi. HMD Global kompaniyasi Nokia 3310 4G devaysini shu oyda bo‘lib o‘tadigan MWC kongressida taqdim etishi kutilmoqda.

2017 yilda taqdim qilingan Nokia 3310 ayni paytda jahon bozorida o‘rtacha 70 AQSh dollaridan sotilmoqda. Uning takomillashgan talqini bir oz qimmat bo‘ladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!