Nokia 3310: “afsonaviy” telefon taqdim qilindi

Nokia 3310: “afsonaviy” telefon taqdim qilindi

Nokia 3310 telefonining qayta ishlab chiqarilishi haqidagi gap-so‘zlar kimgadir chin, kimga esa hazil bo‘lib tuyilgan edi. Finlyandiyaning HMD Global kompaniyasi MWC 2017 Jahon Mobil Kongressi ko‘rgazmasi doirasida 26 fevral kuni, oradan 17 yil o‘tib Nokia 3310 yangi talqinda qayta rasman namoyish qilindi. Aytish joizki, bu — 2000-yillardagi ajdodiga o‘xshab ketadigan, bizga o‘sha davr xotiralarini esga soladigan telefon.

Telefonda 2,4 dyuymli rangli displey mavjud. Uning piksel sig‘imi QVGA (320x240)’ga teng. Telefon apparati microSD xotirani kengaytirish fleshkasiga mo‘ljallangan bo‘lmachaga ham ega. Qolaversa, MP3-pleyer orqali musiqa ham tinglash mumkin. To‘liq yangicha dizaynga ega telefon old panelida moddiy tugmalar qoldirilgan.

Nokia 3310 2 megapikselli kameraga ega. Bu kamera LED fotochaqnoq bilan ham ta’min qilingan. Qurilma batareykasining sig‘imi 1 200 mA soat. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, uni to‘liq quvvatlab, 22 soat suhbat qurish, 39 soat radio tinglash, “kutish” rejimida 31 kun foydalanish mumkin. Telefon apparatining og‘irligi 85 gramm.

Telefon Series 30+ nomli firma dasturida faoliyat ko‘rsatadi. Unda Opera Mini brauzeri ham mavjud. Shu bilan birga, endi bizga qadrdon «Zmeyka» o‘yinini ham yana o‘ynash mumkin. Telefonning texnik xususiyatlari orasida Bluetooth 3.0 va SLAM xizmatlarini qo‘llab-quvvatlashini aytish lozim.

Nokia 3310 avvaliga to‘q ko‘k-qora rangda, jilolanadigan qizil va sariq, oq ranglarda sotuvga chiqariladi. Telefonning narxi 49 yevro (taxminan 51 AQSh dollari). Nokia 3310’ni joriy yilning 2-choragidan xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!