Nokia 3310 ommalashuvining sabablari aytildi

Nokia 3310 ommalashuvining sabablari aytildi

Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi — telekommunikatsiya uskunlari va dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi, ehtimol o‘tmishning eng afsonaviy va mashhur mobil telefon hamda smartfon ishlab chiqaruvchisi. Kompaniya 2011 yilga qadar 20 ta modeldagi smartfon va mobil qurilmalar sotish bo‘yicha xalqaro bozorda yetakchilik qilgan.

New Atlas nashri tomonidan e’lon qilingan “Nokia 3310’ning smartfonda yo‘q noyob jihatlari” nomli maqolada Nokianing 126 million nusxada sotilgan afsonaviy mobil telefon apparati nima sababdan bu qadar ommalashib ketgani bayon qilinadi.

Birinchidan, nashr taxminlariga ko‘ra, Nokia 3310’ning “o‘lmas”ligi uni zamonaviy smartfonlardan ajratib turadi. Xususan, bugungi “aqlli telefon”lar vaqt o‘tgani sayin ishdan chiqadi. Qolaversa, chang va suv ta’siri bois ularni chexolsiz olib yurish xavfli.

Ayniqsa, maqolada Nokia 3310’ning chinakam “kaskadyor”ligi, bir necha marotaba qo‘ldan tushib ketsa ham, omon qolishiga diqqat qilinadi.

Shu bilan birga, smartfonlardan farqli o‘laroq, Nokia 3310 o‘ta kamtarin. U mobil internet, chexol yoki himoya shishasi kabi aksessuarlar uchun ortiqcha pul talab qilmaydi.

Nokia 3310’ning yana bir o‘ziga xos jihati uning baquvvat akkumulyatori bo‘lgan. Uning sig‘imi 900 mA soat bo‘lgan quvvat toshini bir marotaba quvvatlab, telefonni o‘rtacha 10 kungacha quvvatlamasdan ishlatish mumkin. Bugungi smartfonlar esa uzog‘i bilan 24 soat “yashash”ga kuchlari yetadi.

“To‘g‘ri, zamonaviy smartfonlar yangi texnologiya bois tez quvvat oladilar, ammo uning quvvati bir kunga ham yetmas ekan, uni tezkor quvvatlashdan nima foyda?” – deydi New Atlas.

Nokia 3310’ning yana bir o‘ziga xosligi, bu — unda Snake 2 (“Iloncha”) o‘yini hamda uning quloqqa o‘rnashib qolgan ringtonlarining borligi.

3310 — 2 diapazonli mobil telefon bo‘lib, aloqaning GSM 900 hamda 1800 tarmoqlarida ishlagan. Qurilma funksional jihatdan biror o‘ziga xoslikka ega bo‘lmagan: 5 yozuv qatorga ega va grafikani qo‘llab-quvvatlaydigan monoxrom displey, monofonik musiqa imkoniyati va 8 ta kirish hamda 8 ta chiqish qo‘ng‘iroqlari namoyon bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlar jurnali.

Eslatib o‘tamiz, HMD Global kompaniyasi shu kunlarda Nokia 3310’ning “qayta tug‘ilgan” modelini sotuvga chiqarishni maqsad qilmoqda. Ushbu yangi model Barselonada o‘tayotgan MWC mobil ko‘rgazmada namoyish etilish kutilmoqda. Uning boshlang‘ich narxi Yevropada 59 yevro bahosida sotilishb kutilmoqda.

Bu to‘g‘rida batafsil o‘qing.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.