Nokia 8 Sirocco flagmani taqdim qilindi

Nokia 8 Sirocco flagmani taqdim qilindi

Kecha Ispaniyaning Barselona shahrida MWC 2018 anjumani doirasida Nokia 8 Sirocco flagman smartfoni rasman namoyish qilindi.

Nokia 8 Sirocco 2017 yilda bozorga chiqarilgan modelning tubdan yangilangan talqinidir. Yangi devays ilg‘or protsessori, romdan xoli ekrani, suv hamda changdan himoya qilingan korpusi, kuchli texnik jihatlari, takomillashgan kamerasi va boshqa jihatlari bilan diqqatga sazovor.

Nokia 8 Sirocco joriy yilda 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 835 protsessoriga ega bo‘lgan jahondagi ilk flagman. Kecha taqdim qilingan Galaxy S9 va Galaxy S9 Plus flagmanlari esa undan ham kuchliroq Snapdragon 845 chipsetiga ega bo‘lishgan edi.

Qualcomm Snapdragon 835 protsessorining chastota tezligi 2,36 GGs. Nokia 8 Sirocco smartfonidagi tasvirlarni qayta ishlash uchun esa Adreno 540 video kartasi mas’ul. Smartfon 6 gigabaytli tezkor va 128 gigabaytli doimiy xotiraga ega bo‘lgan.

Yangi devaysning 5,5 dyuymli, qayrilma POLED-ekrani LG tomonidan ishlab chiqarilgan va uning piksellar sig‘imi 2560 ga 1440 belgiga teng (QHD). Ekranning tomonlar nisbati 16:9 standartida. Displey 3D shaklidagi Corning Gorilla Glass 5 himoya shishasi bilan qoplab olingan.

Bosh kamera uchun 12 Mp + 13 Mp uyg‘unligida ishlaydigan modullar tanlangan. Bosh kamera 2 karralik optik yaqinlashtirish funksiyasiga ega bo‘lgan. Har ikkala modulni Samsung ishlab chiqargan. Bosh kamerada Dual Pixel fazali avtofokus texnologiyasi tatbiq qilingan. Old kamera 5 megapikselli aniqlikda ishlaydi hamda keng burchak ostida, 83 gradusda surat oladi. Selfilar uchun displey fotochaqnoq vazifasini bajaradi.

Devaysga USB Type-C universal porti, Bluetooth 5.0 LE, A-GPS, Wi-Fi 802.11ac, NFC, Nokia Special Audio, va boshqa qator modul va sensorlar, 3 ta mikrofon o‘rnatilgan.

Nokia 8 Sirocco quvvat oladigan akkumulyator batareyasining sig‘imi 3260 mA soat va tezkor quvvatlash tizimi orqali smartfon 1 soatda quvvatini to‘ldirib olish imkoniga ega bo‘lgan. Qolaversa, Qi standarti bo‘yicha smartfonni simsiz ham quvvatlash mumkin.

Faqatgina qora rangdagi korpusda ishlab chiqariladigan telefon shisha va metall uyg‘unligida ishlab chiqarilgan. Uning korpusini o‘rab olgan bosh sinchi zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan.

2G, 3G, 4G (LTE Cat.12) tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydigan Nokia 8 Sirocco korpusining qalinligi 7,5 mm hamda uning yon tomonlari mahorat bilan yassi dizaynda ishlab chiqarilgan. Natijada, gadjet qo‘lda oson joylashadi.

Nokia 8 Sirocco o‘lchamlari: 140,93 x 72,97 x 7,5 mm.

HMD Global ham 3,5 mm.li audio quloqchin tuynugidan voz kechgan. Natijada, smartfon korpusini IP67 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoya qilish imkoni tug‘ilgan.

Nokia 8 Sirocco apparati ham Android One turkumiga kiradi va uning operatsion tizimi uchun javobgarlikni Google o‘z zimmasiga olgan. Nokia 8 Sirocco qadoqdayoq Android 8.0 Oreo operatsion tizimida ishlaydi.

Aprelda sotuvga chiqarilishi kutilayotgan devaysni 922 AQSh dollaridan xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!