Nokia 8'ning narxi, taqdimot kuni ma’lum bo‘ldi
HMD Global kompaniyasi o‘zining navbatdagi matbuot anjumaniga ommaviy axborot vositalari vakillarini taklif qilishni boshladi. Bu tadbirda kompaniya Nokia 8 flagmanini taqdim qilishni rejalashtirgan. Yangi smartfon namoyishi 16 avgust kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Insayderlarning "xizmati" bilan o‘quvchilarimizga yangi mobil aloqa vositasining render-suratlarini ham namoyish qilib kelmoqdamiz. Shuningdek, Nokia 8 narxi bilan bog‘liq navbatdagi ma’lumot ham internet tarmog‘ida e’lon qilindi.
Ruminiyaning Vodafone Romania mobil aloqa operatori bir oz shoshqaloqlik qilib, o‘zining saytida Nokia 8'ning narx-navosini avvaldan ma’lum qilib qo‘ydi. Natijada, biz endi gadjetning Yevropada qanchadan sotilishini deyarli bilib oldik.
Demak, tarqalgan ma’lumotga ko‘ra, Ruminiya smartfon narx-navosida G‘arbiy Yevropa qoidalariga amal qilishini inobatga olsak, Nokia 8 Yevropa smartfon bozorida 517,42 yevrodan sotiladi.
Nokia 8'ga xos jihatlar: 5,3 dyuymli QHD (2560x1440 pikselli) ekran, 4/6 Gb "operativka", 64/128 Gb doimiy xotira, Snapdragon 835 platformasi, 12 megapikselli old kamera, Carl Zeiss linzalariga ega 13 megapikselli qo‘sh ob’yektivli bosh kamera, Android 7.1.1 Nougat dasturiy ta’minot tizimi.