Nokia 9 -- maftunkor va kuchli smartfon
Finlyandiyaning HMD Global korporatsiyasi yil boshidan beri 4 ta smartfon taqdim qilishga ulgurdi. Ular orasida salkam flagman bo‘lgan Nokia 8 Sirocco modeli ham mavjud. Biroq bu devays bozorda Samsung Galaxy S9 yoki bo‘lajak LG G7 flagmanlariga qarshi turib bera olmaydi. Shu bois, kompaniya ayni paytda Nokia 9 flagmanini bozorga tayyorlamoqda. Bu smartfon joriy yilning ikkinchi yarmida taqdim qilinadi.
Kuni kecha Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida Nokia 9 aks etgan ilk suratlar tarqaldi. Unda bo‘lajak flagman o‘zining old panelini to‘liq namoyish qilgan. Tan olish kerak, devaysning tashqi dizayni diqqatga sazovor.
Yangicha fin flagmani old panelida iPhone X flagmaniniki kabi o‘yiq bor, biroq ancha ixchamroq ko‘rinishda. Bu yerdan 2 ta kamera hamda suhbat dinamigi o‘rin olgan.
Nokia 9 ekranining yon tomonlari bir oz qayrilma. Bundan kelib chiqadiki, mazkur mobil qurilma ekrani uchun AMOLED-matritsa tanlangan. 5,5 dyuymlik OLED-ekranning LG tomonidan ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Ekran ostida esa old panel dizaynini buzib turgan qora hoshiya qoldirilgan.
Nokia 9 modeli Android Oreo operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Smartfon boshqaruvi ekrandagi virtual tugmalar yordamida amalga oshiriladi. Ishlab chiqaruvchi iPhone X kabi, bu gadjetni ham ishoralar orqali boshqarish texnologiyasini joriy qilsa, maqsadga muvofiq edi.
Nokia 9 modeli shu yilning sentyabrida Berlinda o‘tadigan IFA 2018 anjumanida taqdim etilishi aytilmoqda. Agar bu suratlar haqiqiy bo‘lsa, aytish mumkinki, Nokia 9 bemalol Sony Xperia XZ2, Samsung Galaxy S9 va OnePlus 6 kabi kuchli raqiblarga munosib bo‘ladi. Biroq, avvaldan ma’lum qilingani kabi, devays 2,45 GGs takt chastotasiga ega sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 835 bazasida ishlaydigan bo‘lsa, kompaniya raqiblariga yutqazib qo‘yishi mumkin.