Nubia N3 — arzon, jozibali smartfon!

Nubia N3 — arzon, jozibali smartfon!

Nubia brendi kecha Xitoyda "N3" nomi ostida navbatdagi hamyonbop devaysni taqdim qildi. Nubia N3 modelining tashqi ko‘rinishida bugungi kungi yetakchi smartfonlar dizaynidagi hashamdorlik saqlab qolingan. Shuningdek, uning akkumulyatori ham birmuncha diqqatga sazovor.

Nubia N3 modeliga 5,99 dyuymli, FullHD+ sig‘imli, tomonlari nisbati 18:9 standartli, yon tomon hoshiya romlari nihoyatda yupqa romlar bilan o‘ralgan displey o‘rnatilgan. Ko‘rinishdan smartfon qimmatbaho modelni eslatib yuboradi.

Alyuminiy metallidan tayyorlangan korpus uch xil rangda ishlab chiqarilmoqda: qora, qizil hamda tilla rang.

Nubia N3 modelining apparat ta’minoti Snapdragon 625 protsessoriga ega bo‘lgan. Uning tezkor xotira sig‘imi 4 gigabaytli, doimiy xotira esa 64 gigabaytli. microSD orqali doimiy xotirani yana 128 gigabaytga kattalashtirish imkoni ham mavjud.

Bosh kamera qo‘sh sensorli va "portret" janrida ham surat oladi. 16 megapikselli old kameradagi yorug‘lik taqsimoti uchun o‘rtacha -- f/2.0 hajmli diafragma tanlangan.

Smartfon batareyasining tok sig‘imi 5000 mA soat va bu quvvat devaysga "kutish" rejimida 23 kun ishlash imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, Nubia N3 modeli 18 Vt kuchlanishida tezkor quvvat oladi va unga firmaning NeoPower 3.0 nomli quvvatni tejash texnologiyasi joriy qilingan.

Smartfonni Maverick Voice texnologiyasi yordamida ovozli boshqarish ham mumkin.

Nubia N3 mobil aloqa vositasi Android 7.1 Nougat operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Gadjet 24 martdan $155 dollardan savdoga chiqariladi.