One UI 5 grafik qobig‘ida qanday yangiliklar bo‘ladi?

One UI 5 grafik qobig‘ida qanday yangiliklar bo‘ladi?

Samsung kompaniyasi dasturchilar konferensiyasida Android 13 operatsion tizimiga asoslangan barqaror One UI 5 garfik qobig‘i tez orada taqdim etilishini ma’lum qildi. Kelasi haftadan tizim Galaxy smartfonlariga jo‘natilishni boshlaydi. Yangi tizim o‘zi bilan qanday yangi funksiyalarni olib kelishi ham ko‘pchilikka qiziq. 

Ma’lumotlarga ko‘ra One UI 5 birinchilardan bo‘lib yangi flagman Galaxy modellariga, aniqroq qilib aytganda, Galaxy S22 seriyasi hamda Galaxy Z Fold4 va Z Flip4 modellariga jo‘natiladi. 

Yangi tizimda qayta ishlab chiqilgan ekran qulfi bo‘lib, u bilan fon rasm, soat hamda rang palitralarini bir biri bilan moslashtirish mumkin. Shuningdek, endi qisqa videolarini ekran qulfiga o‘rnatish imkoni paydo bo‘ldi. 

Samsung vidjet va ilovalar uchun yangi aqlli takliflarni taqdim etadi, bu foydalanuvchiga o‘z foydalanish namunalari asosida takliflar beradi. 

One UI 5 tizimining Routines rejimi avtomatlashtirishni boshlashga yordam beruvchi yangi tanib olish funksiyasiga ega bo‘ldi. Tartiblar - bu kunning turli qismlari uchun, masalan, uyquga ketganda yoki mashg‘ulot paytida maxsus sozlamalar va ilova xususiyatlarini dasturlash imkonini beruvchi yangi xususiyat.

Bixby matnli qo‘ng‘iroq (Bixby Text Call) bu Samsung'ning Google'ning Screen Call funksiyasiga javobidir. U foydalanuvchiga suhbatlashishni istamayotgan vaqtda matnli xabar orqali qo‘ng‘iroq qilish imkonini beradi.

Bixby matnli qo‘ng‘iroqqa javob berganingizda, liniyaning narigi tomonidagi odamga xabar beriladi. Shunda Bixby siz aytmoqchi bo‘lgan gaplarni suhbatdoshingizga, uning gapini esa sizga matn ko‘rinishida yetkazadi. Bixby Text Call allaqachon Janubiy Koreyadagi foydalanuvchilar uchun taqdim etildi, uning inglizcha versiyasi 2023 yil boshida chiqadi.

Samsung Gallery ilovasi suratlardan matnlarni ko‘chirib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, tizimga yangi Ulangan qurilmalar menyusi hamda xavfsizlik va maxfiylik boshqaruv paneli qo‘shiladi. Samsung Ulashish Paneliga yangi bildirishnomani qo‘shdi, u pasport yoki bank karta kabi maxfiy ma’lumotlar tushirilgan suratlar kimgadir jo‘natilganda bu haqida foydalanuvchini ogohlantiradi.

O‘QING: Beta sinovlari tamom, Samsung rasmiy One UI 5 tizimini tez orada jo‘natishni boshlaydi 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!