OnePlus 3 – jahonning eng arzon kuchli smartfoni  

OnePlus 3 – jahonning eng arzon kuchli smartfoni  

Ishlab chiqaruvchi: OnePlus kompaniyasi (Xitoy).

Taqdim qilingan vaqti: 2016 yil, iyun.

OnePlus kompaniyasi nihoyat uzoq kutilgan uchinchi flagmani — OnePlus 3’ni jamoatchilik diqqatiga havola qildi.

OnePlus 3 — ayni kunda jahonning eng sermahsul smartfoni.  Shu bilan birga, narx-navosi uning imkonityalari darajasidagi raqiblaridan ancha past baholangan gadjet. Unda Qualcomm Snapdragon 820 flagman protsessori, 6 GB tezkor xotira, optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega kamera, AMOLED-ekran va tezkor quvvat olish tizimi mavjud. Smartfon bozorida taniqli brendlar mazkur innovatsiyalarga ega smartfonlar uchun kamida 600 AQSh dollari so‘rashadi. OnePlus kompaniyasi esa insof doirasida qo‘ygan narx $399 AQSh dollaridan boshlanadi. Nima sababdan? Quyida bunga aniqlik kiritamiz.

Korpus yig‘ilishi bekami-ko‘st

Gadjetning tashqi ko‘rinish diqqatni o‘ziga jalb qiladi. Kompaniya metall korpus va ko‘rkam dizaynli smartfonni uyg‘unlashtirishda hech nimadan tejab qolishga harakat qilmagan: hammasi talab darajasida.

Orqa panel yuqorisidagi simsiz aloqa signallari uchun o‘rnatilgan plastik chiziqni hisobga olmasa, panel to‘liq metalldan ishlangan. Uning yuzasi ko‘zga tashlanmas dag‘al sirtga ega bo‘lib, bu uning kaftga mustahkam o‘rnashishini ta’minlaydi. Shuningdek, orqa panel barmoq izlari skaneridan xoli, ya’ni u yerdan o‘rin egallamagan.

Ekran ostidagi oval shaklidagi tugma – «Bosh menyu» (Home) knopkasi bo‘lib, unda barmoq izlari skaneri ham o‘rnatilgan. Aytish kerakki, garchi sekin ishlamasa ham, bu eng tezkor skaner emas. Ba’zida tizimga kirish uchun 2-3 marta ham barmoqni bosishga to‘g‘ri keladi.

Korpusning chap biqinida 3 funksiyali rejimlarni boshqarish tugmasi mavjud. Uning yordamida ovozsiz rejimni yoqish, sms-xabar yoki boshqa ogolantirishlarni ovozli, ovozsiz rejimga o‘tkazish mumkin.

Smartfonda SIM-karta bo‘lmachasi qo‘sh, ya’ni 2 ta. Bu bugungi kun foydalanuvchilarini bosh talabi, albatta. Ammo, microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasining o‘rnatilmagani xitoylik ishlab chiqaruvchining ziqnaligini namoyon qilgan.

OnePlus 3 dizayn jihatdan boshqa gadjetlardan ajralib turadi, desak u qadar ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning tashqi qiyofasi  kimgadir HTC’ning so‘nggi 2 yildagi “aqlli telefon”lariga xos istarani eslatib yuborsa, ajab emas. Ammo, OnePlus 3 korpusi ixcham va old panelda 2,5D turidagi zamonaviy shisha qoplami mavjud.

OnePlus 3 smartfonining 7.35 qalinlikdagi korpusi to‘liq alyuminiy xomashyosidan tayyorlangan bo‘lib, 158 gramm vaznga ega. Uning bir oz qayrilma orqa paneli o‘z ichida qator ilg‘or texnologiyalarni jam qilgan.

Jahonning eng tezkor smartfoni

OnePlus 3 – jahondagi eng sermahsul smartfon sifatida tahliliy test va benchmark sinovlarida hatto Samsung Galaxy S7 edge’ni ham “changida” qoldirgan.

Mobil texnologiyalar salohiyatini baholovchi  AnTuTu 6 benchmarkida qayta va qayta o‘tkazilgan sinovlarning barchasida smartfon juda yuqori – 142,000 ochko to‘plagan.

OnePlus 3 ichki platformasi 2016 yilning flagmanlari standartiga xos ravishda  Qualcomm Snapdragon 820 protsessori nazoratida bo‘ladi. Tezkorlikning sababi nima? Gap shundaki, bu protsessorning tezkor xotirasi standart darajasida 3 GB yoki 4 GB emas, u butun boshli 6 «giga» tezkor xotira bilan ta’min etilgan!

Demak, bu smartfonda eng so‘nggi talablarga javob beradigan, grafik-tasvir maksimal foydalanilgan mobil o‘yinlarni o‘ynash mumkin bo‘ladi.

Misol uchun, Modern Strike kabi zamonaviy mobil o‘yinlarni ham uzluksiz, uzoq vaqt o‘ynash ham gadjet uchun og‘irlik tug‘dirmaydi, protsessorning samaradorligi tushib ketmaydi. Ya’ni, protsessor yadrolari faoliyati ustida xitoyliklar erinmay izlanishgani ko‘rinib turibdi.

Shuningdek, smartfondagi 64 GB doimiy ichki xotira ham tezkorlikka hissasini qo‘shadi. Shu sabadan dasturlarni o‘rnatish va ishga tushirish boshqa flagman smartfonlarga nisbatan tez amalga oshadi.

OnePlus 3 – jahondagi eng kuchli smartfon sifatida 6 GB tezkor xotiraga ega ilk mobil telefon emas. Bu yerda 6 GB, uni ommalashtirish uchun to‘qilgan marketing yondashuv. Vivo Xplay 5 Elite, LeEco Max 2 va ZUK Z2 Pro kabi telefonlar ham 6 GB operativ xotiraga ega.

Ular ham AnTuTu’da shuning evaziga yuqori ball to‘plashadi. Ammo, amalda esa ularning barchasi 4 gigabaytli tezkor xotiraga flagmanlar bilan bir xil natija ko‘rsatishadi.

Hayratga munosib displey

OnePlus Three “bayroqdori”ning ekran diagonali 5,5 dyuymli, ya’ni juda yirik ham, kichik ham emas. Aniq-tiniq rang-tasvir muxlislari uchun anglar bir oz notabiiy ko‘rinishi mumkin.

Sozlamalar orqali profilni sozlashning imkoni bo‘lmasa ham, displeydagi oq tus balansini, ya’ni umumiy uyg‘unlikni to‘q yoki nimrang ko‘rinishga keltirish mumkin.

Rang-tasvirning sifatli uztilishida AMOLED-matritsaning xizmat yuqori.Boshqa tomondan esa, u IPS-panel ekranga qaraganda kamroq quvvat yeydi. Shu bilan birga, tasvirning chekka joylarini ham keng va rangdor, qarama-qarshi ranglarni aniq-tiniq ko‘rsatadi. Ha, yozning quyoshli kunida ham  OnePlus Three displeyida qulay ishlash mumkin.

To‘g‘ri, ekran sig‘imi Quad HD emas, xitoyliklar Full HD bilan kifoyalanganlar. Va, to‘g‘ri ham qilganlar. 5,5 dyuymli ekrannig har dyuymida 400 pikselning bo‘lishi tasvirning sifatli namoyish etilishiga xizmat qiladi. Suratning kichik detallari ham ko‘zga yaqqol tashlanadi.

OnePlus 3 ekrani yuzasidan birgina e’tiroz — ba’zi ranglarning sun’iydek aks etishi.

Operatsion tizim

Smartfondan foydalanayotganda uning egasi qo‘lida go‘yo iPhone qurilmasini tutgandek bo‘ladi. Buning sababi esa qator sozlamalarga boy Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimining moslashtirilgan  Oxygen OS talqinidir. Interfeysning tashqi ko‘rinish o‘zgarmagan bo‘lsa ham, unda bir qator muhim funksiyalar o‘rnatilgan.

Kamera imkoniyatlari

OnePlus kamera sifatini tubdan o‘zgartirib, bu jihatdan ortiqa gap-so‘zga o‘rin qoldirmagan. OnePlus 3’da Sony’ning f/2.0 diafragmali yorug‘lik tuynugiga ega PDAF sensoridan foydalanilgan.

OnePlus 3 eng zo‘r flagmanlar darajasida surat olishga qodir. Uning 16 megapikselli bosh kamerasi kunduzgi sharoitda 2016 yilning eng yaxshi Android-smartfonlari bilan bir xil suratga oladi.

Ayniqsa, kameraning ishlashi, doimiy ichki xotiraning kengligi sabab suratlarning saqlab qolinishi tezkor. Bunda samarali protsessor va tezkor xotiraning xizmati evaziga HDR-fotosuratlar tezkor ravishda qayta ishlanadi.

Bosh kamera OnePlus 2 kabi 4K Ultra HD sig‘imli video suratga oladi. Unda kamera silkinib yoki titrab ketganida, harakat chog‘ida xira, soyali suratlar oldini olinishini bartaraf qiluvchi suratni optik barqarorlashtirish funksiyasi o‘rnatilgan.

Shuningdek, Electronic Image Stabilisation (elektron surat barqarorlashtirgichi) uy sharoitidagi videolarning aniq-tiniqligini ta’minlaydi.

Kamera ilovasi RAW formatidagi suratlarni ham o‘qiy oladi. Unda sekinlashtirilgan holatda soniyasiga 120 kadrdan iborat 720p sig‘imli video ham yozish mumkin.

Kameraning oldida f/2.0 diafragmali yorug‘lik tuynugiga ega 8 MP kamera o‘rnatilgan. Unda  1080p sig‘imli video yozish mumkin.

OnePlus 3 gadjetida olingan sinov fotosuratlar jamlanmasi:

Ko‘rib turganingizdek, suratlar dalil va detallarga boy. To‘g‘ri, dinamki diapazon qamrovi va fokuslash tezkorligi jihatidan OnePlus 3 telefoni raqiblari bo‘lmish Samsung Galaxy S7, Huawei P9 Plus kabi flagmanlarga yutqazib qo‘yadi. Ammo, bu yaqin o‘rtada smartfon bozoriga bu narxdagi hamda tungi, kunduzgi sharoitda ham yaxshi surat oladigan gadjet kirmagan edi.

Smartfonda ranglarga boy manzarani yirik planda olishdan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Huawei P9 kabi bo‘lmasa ham, sifatli suratlar oladi. 4K-video yozish ham, uni namoyishi ham uzilishlarsiz amalga oshadi.

OnePlus 3 kamerasida olingan 4K-video namunasi:

 

Ovoz uzatish tizimi

Muloqot dinamiklarining ishlashi yuqori sifat darajasida. Ammo muloqot va s’yomka jarayonida uning mikrofoni shamolning shovqiniga juda ta’sirsan. Mikrofon tashqi shovqin ta’sirini pasaytirish funksisiga muhtoj. Lekin uy ichida yozilgan ovozli video yoki xabarlarda bu kamchilik chezilmaydi.

Umuman olganda esa tovush va ovoz uzatish imkoniyati quvonarli darajada. Agar siz tashqi dinamik orqali musiqa tinglamoqchi bo‘lsangiz, OnePlus 3 hafsalangizni pir qilmaydi: ovoz yetarlicha baland va xirillamaydi, zirillamaydi. Audio quloqchinlarning ishlashi ham yaxshi.

Kommunikatsiya imkoniyatlari

OnePlus 3 gadjeti GPS sun’iy yo‘ldoshi bilan aloqa qilishda adashmaydi. Wi-Fi orqali ma’lumot uzatish ham sifat doirasida.

OnePlus 3 LTE aloqa tarmog‘ining turli diapazonlari uchun mo‘ljallangan. Uning A3003 indeksli talqini LTE Band 20 tarmog‘iga mo‘ljallangan.

Xitoycha modifikatsiya bo‘lgan A3000 talqini mobil internetdan foydalanishda kamchiliklarga ega bo‘lishi mumkin. Biroq  Amerika bozoriga mo‘ljallangan A3005 modifikatsiyasi esa birmuncha ilg‘or va Band 20 yoki Band 38 aloqa tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlamaydi.

Yana bir muhim xususiyati – unda NFC (near field communication), ya’ni yaqin masofada simsiz aloqa o‘rnatish texnologiyasi mavjud.

Bir soatda to‘la quvvatlanish imkoniyati

OnePlus Three akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 3000 mA soat. U 30 daqiqada akkumulyatorini 63 foizga to‘ldira oladi. To‘g‘ri, ba’zi flagmanlar bilan solishtirganda kam ko‘rinish mumkin, biroq energo-tejamkor AMOLED-displeyli gadjet uchun bu yetarli.

LTE tarmog‘ida internetdan faol foydalanish, messenjerlarda doimiy aloqa va internetda muntazam video ko‘rganda quvvat unga 4 soatdan oshiqqa yetadi.

Agar smartfonda Subway Surfers o‘yinini o‘ynamoqchi bo‘lsangiz, to‘liq quvvat unga 6 soatga yetadi. Full HD videoni esa bu telefonda 7 soat uzluksiz ko‘rish mumkin.

Kompaniyaning Dash nomli tezkor quvvatlash tizimi muvaffaqiyatli funksiya bo‘lgan. Uning yordamida  OnePlus Three bir soat ichida to‘liq quvvat oladi. Buning uchun smartfonga odatdagiday faqatgina quvvatlash adapteri emas, maxsus shnur ham kerak bo‘ladi.

 

Raqiblar

OnePlus 3’ga munosib raqibni xalqaro emas, Xitoy smartfon bozoridan qidirish lozim. Bularning birinchisi – Xiaomi Mi5. Ularning protsessori bir xil bo‘lgani bilan, Mi5’ning tezkor xotirasi 2 barobar kichik. Biroq bu Mi5’da Google Play’dagi o‘yinlarni o‘ynashga xalaqit qilmaydi. Xiaomi Mi5 xalqaro bozorda 320-545 AQSh dollaridan sotilmoqda.

  Model OnePlus 3, 64 GB Meizu Pro 6, 32 GB Xiaomi Mi5 32GB
Protsessor Qualcomm Snapdragon 820 MediaTek Helio X25 Qualcomm Snapdragon 820
Ekran turi (texnologiya) Optic AMOLED Super AMOLED IPS
Ekran sig‘imi 1080×1920 piks 1080×1920 piks 1080×1920 piks
Ekran diagonali 5.5 “ 5.2 “ 5.15 “
Bosh kamera 16 Mpiks 21.16 Mpiks 16 Mpiks
Tezkor xotira 6 GB 4 GB 3 GB
Akkumulyator sig‘imi 3000 mA soat 2560 mA soat 3000 mA soat

Xiaomi Mi5 haqida batafsil:

Xiaomi Mi5: mukammallik va hasham kasb etgan hamyonbop flagman

Ikkinchi raqib – MediaTek Helio X25 protsessori va 4 GB tezkor xotiraga ega, ayfonsifat Meizu Pro 6. Narxi bir oz qimmat bo‘lsa ham, ovoz uzatish tizimi yaxshi, AMOLED-ekranga ega. Ammo, birgina kamchiligi — akkumulyator sig‘imi u qadar katta emas.

Xulosa

OnePlus 3 kamchiliklardan xoli emas. Displeyning rang uzatishi, microSD xotira bo‘lmachasining yo‘qligi, shamol va shovqinga ta’sirsan mikrofon kabi nosozliklar o‘rnini qator qulay innovatsiyalar yopib ketadi.

Xalqaro bozorda 400 AQSh dollaridan sotilayotgan “aqlli telefon” hali yurtimiz smartfon bozorida ommalashgani yo‘q. Keng imkoniyat va arzon narxdagi smartfon Xitoy kompaniyalariga xos siyosat: foydalanuvchining ishonchi va e’tiborini qozonish uchun eng ma’qul usul.

Ammo, smartfon tanlash uchun do‘kon aylanib, unga ko‘zingiz tushsa, bir bor sinab ko‘rishni unutmang.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyning OnePlus smartfon ishlab chiqaruvchisiga 2013 yil dekabr oyida, yana bir muvaffaqiyatli smartfon ishlab chiqaruvchisi — Oppo’ning sobiq prezidenti tomonidan asos solingan. 2014 yil ilk smartfon —  OnePlus One,  keyin  OnePlus 2, va joriy yilda  OnePlus 3 namoyish etildi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

www.oneplus.net $399 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!