OnePlus 5: “ayfon kushandasi”, eng yupqa smartfon taqdim qilindi

OnePlus 5: “ayfon kushandasi”, eng yupqa smartfon taqdim qilindi

Xitoylik OnePlus kompaniyasi 20 iyun kuni navbatdagi flagmanini rasman jamoatchilik e’tiboriga havola qildi. 5,5 dyuymli OnePlus 5 nomli gadjet Android 7.1.1 Nougat platformasining o‘zlashtirilgan Oxygen OS interfeysida faoliyat ko‘rsatadi. Kompaniya ma’lum qilishicha, garchi devays qo‘sh ob’yektivli kameraga ega bo‘lgan bo‘lsa ham, u jahondagi eng yupqa korpusli smartfondir.

153 gramm tosh bosadigan apparat korpusi chindan ham o‘ta yupqa — bor-yo‘g‘i 7,25 mm (eniga — 74,7 mm, bo‘yiga — 152,7 mm). Samsung Galaxy S8 korpusining qalinligi 8 mm. Apple iPhone 7 Plus korpusi esa 7.3 mm. Biroq, xitoylik yangi flagman korpusi suv va changdan himoyalanmagan. Flagmanning alyuminiy korpusi elektroliz usulida oksid pardasi bilan qoplangan va avvalgi modellarga qaraganda ixcham.

OnePlus 5 imkoniyati jihatdan bugungi eng kuchli mobil aloqa vositalari qatorida turadi. 5.5 dyuymli FHD (1080 × 1920 pikselli) ekran 2.5D effektiga ega Gorilla Glass 5 qayrilma himoya shishasi bilan qoplangan. Ekran Optic AMOLED texnologiyasida ishlaydi. Yana bir yangilik — displey endi DCI-P3 rangli qamrovga ega, ya’ni raqamli kinoteatrlarga xos texnologiya rang-tasvirni yanada yorqin namoyish etadi. Darvoqe, xuddi shu texnologiya iPhone 7 va iPhone 7 Plus’da ham tatbiq qilingan.

Gadjet 64 bitli va 8 yadroli, 2.45 Ggs chastota tezligida ishlaydigan, 1 kristalli ilg‘or Snapdragon 835 protsessori bilan ta’minlangan. Smartfonning grafik-tasvirlarini qayta ishlash Adreno 540 videokartasi zimmasiga tushadi. Ishlab chiqaruvchining aytishicha, OnePlus 5 Android smartfonlar orasida eng tezkor ishlaydigan gadjet.

Apparat bir tekis ishlashi uchun ishlab chiqaruvchi unda App Priority funksiyasini joriy qilgan. Bu funksiya eng ko‘p foydalaniladigan ilovalarni eslab qoladi va ularni imkon qadar tezkor keshlaydi. Shuningdek, kam foydalaniladigan ilovalarga ketadigan quvvatni muvofiqlashtiradi. Mutolaa rejimida ekran E-Ink, ya’ni oq-qora rejimga o‘tadi.

OnePlus 5 smartfoni 6/8 gigabaytli tezkor (LPDDR4X) va 64/128 gigabaytgacha sig‘imli UFS 2.1 standartidagi xotiralarga ega. Uning 3,300 mA soat elektrni jamlaydigan (3T modelidan 100 mA·soat kamroq). akkumulyatori Dash Charge tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

OnePlus 5 aloqa vositsiga xos eng ilg‘or jihatlardan biri — ayni paytda eng yaxshi kamerafon texnologiyasiga egaligi. U Apple’ning iPhone 7 Plus flagmaniga tanlangan suratga olish texnologiyasi bilan jihozlangan. Gadjetning bosh kamera modullaridan biri Sony IMX398 sensori bo‘lib, u 16 megapikselli va optik linzasining hajmi — f/1.7.

Shuningdek, qo‘sh sensorlarning ikkinchisiga Sony IMX 398 moduli o‘rnatilgan. U telefoto linzasi bo‘lib, f/2.6 standartidagi aperturaga ega hamda 20 megapikselli suratlar oladi. Bu linza manzarani 2 karralik yaqinlashtirish funksiyasiga ega. Qo‘sh kameralarda keng burchakli suratlar olish rejimi, avtofokus hamda barqarorlashtirish funksiyalari mavjud. Bosh kamerada orqa fonni xiralashtirib suratga olish mumkin.

OnePlus 5’ning old kamerasi uchun 16 MP va f/2.0 aperturali, barqarorlashtirish funksiyasiga ega selfi-kamerasi tanlangan.

OnePlus 5 devaysida giroskop, akselerometr, kompas, oraliq-masofa datchiklari hamda old panelidagi bosh tugmada barmoq izlari skaneri mavjud. OnePlus 5 aloqaning LTE, Wi-Fi 802.11ac, A2DP Bluetooth LE 5.0, NFC, GPS, GLONASS va BeiDou tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatadi. Unga USB Type-C 1.0 porti o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchi korpusda 3,5 mm.li audio-tuynukni saqlab qolgan.

Gadjetning yana bir o‘ziga xosligi — akkumulyatorni tezkor quvvat olishidir. Dash Charge (5 V, 4 A) texnologiyasida smartfon Google Pixel XL yoki Samsung Galaxy S8 kabi raqiblaridan 2 barobar tezkor quvvat oladi. Eslatib o‘tamiz, Galaxy S8 batareyasi ekrani yoqig‘ holatda 3 soat, o‘chiq holatda 97 minutda to‘liq quvvat oladi.

Gadjet kulrang va qora rangli korpusda ishlab chiqarilmoqda. Hozircha AQShda OnePlus 5’ning eng arzon talqiniga $480, yuqori talqiniga $539 dollardan oldindan buyurtma berish mumkin. Yangi smartfon 27 iyundan bozorga chiqariladi. Smartfon taqdim qilinguniga qadar 300 mingdan ziyod kishi uni xarid qilish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Taqqoslash uchun aytamiz, iPhone 7 Plus jahon bozorida sezilarli darajada qimmat — $769 (32 GB) va $869 (128 GB) dollar. Ya’ni, xitoylik yangi smartfon iPhone 7 Plus kabi: dizayn, kamera imkoniyatlari, sifatli displey. Go‘yoki Andoid Nougat’da ishlaydigan ayfon 🙂 Shu bilan birga, ancha arzon. Bu esa — iPhone 7 Plus’ning savdosiga ta’sir qilmay qolmaydi. To‘g‘ri, iOS imkoniyatlari ayfonning kuchli jihati. Ammo, OnePlus bu gal shunchaki smartfonlarga emas, aynan ayfonga qarshi “kushanda” tayyorlaganining o‘zi hayratlanarli.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!