OnePlus 6: "flagmanlar kushandasi" uchun yangi nomzod

OnePlus 6:

OnePlus kompaniyasi 2016 yilning o‘rtalarida OnePlus 3 flagmanini, so‘ng uning takomillashgan OnePlus 3T talqinini namoyish qilib, ancha shuhrat qozongan edi. Ularni majoziy ma’noda "flagmanlar kushandasi" deb ham atashdi. Joriy yilda esa OnePlus 5 taqdim qilindi, biroq uning takomillashgan versiyasi bo‘lmaydi.

Qualcomm bu yil navbatdagi eng ilg‘or platformasini ishlab chiqarmasligi ma’lum bo‘lgach, kompaniya 2018 yilda birato‘la OnePlus 6 flagmanini taqdim qilishi to‘g‘risida xabarlar tarqalib ketdi.

Hozirgacha ma’lum render suratlarga ko‘ra, bu ilg‘or "xitoylik" o‘z istarasini "iPhone X"dan olgan. Shu bois, uni ba’zi insayderlar hazil tariqasida "OnePlus X" deb ham atashmoqda. Ko‘rib turganingizdek, old panelning ham yuqori, ham quyi qismida maxsus "orol"cha ochilgan.

OnePlus 6 displeyi romdan xoli va 5.7 dyuymli bo‘ladi. Quad HD + sig‘imli, tomonlar nisbati 18:9 bo‘lgan ekrandagi piksellar sig‘imi 2880 ga 1440 ta belgini tashkil qiladi.

Apparatda Snapdragon 845 chipining o‘rnatilishi kutilmoqda. Xuddi shu chipga Samsung Galaxy S9, LG G7 va Xiaomi Mi 7 ham ega bo‘lishadi. Bugungi tendensiyadan kelib chiqsak, OnePlus 6 devaysi 6 yoki 8 gigabaytli tezkor va 64/128 gigabaytli doimiy xotiraga ega bo‘ladi.

Metall korpusli smartfon suv hamda changdan "qo‘rqmaydi". Old kamera uchun 16 Mp modul o‘rnatiladi. Shu bilan birga, old panelda kamera moduli bilan birga, yuz-qiyofani taniydigan skanerning bo‘lishi ham kutilmoqda. Bosh kamera esa 2 ta -- har biri 19 Mp va f/1.7 aperturali ob’yektivlardan iborat bo‘ladi.

Smartfon Android 8.0 Oreo tizimida ishlaydi va sig‘imi 3700 mA soat bo‘lgan akkumulyatorga ega bo‘ladi. OnePlus 6'ning xalqaro bozorda 750 AQSh dollaridan sotilishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!