OnePlus, nihoyat, o‘ziga mos domen nomini xarid qildi

OnePlus, nihoyat, o‘ziga mos domen nomini xarid qildi

Internet olamidagi eng obro‘li saytlar .com domenida ro‘yxatdan o‘tgan. Tarixda biror ta’sirli voqea yuz bermaganiga qaramay, odamlar negadir .net yoki .biz domenidagi saytlardan ko‘ra .com domenida ro‘yxatdan o‘tgan saytlarga ko‘proq jiddiy munosabatda bo‘ladilar va ularga ko‘proq ishonch bildiradilar. Shu sababdan minglab biznes kompaniyalar o‘z nomlari ostidagi va .com bilan tugaydigan saytlarni tezroq egallab olishga intiladilar. Yil sayin qo‘ziqorindek ko‘payib borayotgan kompaniyalar va internet tarmoqlarida yanada faollashayotgan odamlar sababli .com domenidagi kerakli nomlar boshqalar tomonidan egallab olinishi holati tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. O‘zi uchun istagan nom boshqa olg‘irlar tomonidan ilib ketilgan kompaniyalar boshqa nomunosib nomlar yoki domen ostida vebsaytlar ochishga majbur bo‘ladi.

Xitoyning yosh smartfon yaratuvchi kompaniyasi OnePlus bilan ham ayni holat sodir bo‘lgan edi. Bu kompaniya endi mobil qurilmalar bozoriga qo‘shilgan vaqtda oneplus.com vebsaytini ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qiladi. Afsuski, bu .com domenidagi bunday nomli sayt boshqa kompaniya tomonidan allaqachon band qilingan edi. Yosh kompaniyaning esa saytni sotib olishga qurbi yetmaydi. Shundan so‘ng chorasiz qolgan OnePlus nisbatan mashhur bo‘lmagan .net domenida oneplus.net vebsaytini ro‘yxatdan o‘tkazishga majbur bo‘ladi.

Kuni kecha esa OnePlus, nihoyat, o‘zining yillarga cho‘zilgan orzusini amalga oshirgani haqida ma’lum qildi: kompaniya oneplus.com domen nomini oldingi egasidan sotib oldi. Hozircha xarid miqdori oshkor qilinmayapti, lekin uzoq yillar davomida sotib olishga qurbi yetmay kelgan OnePlus hozirgi $1,4 milliardlik moliyaviy holatga erishgandan so‘ng ushbu xaridni amalga oshirgani hisobga olinsa, yangi domen nomining qiymati millionlab dollarga yetishini taxmin qilish mumkin.

Ayni vaqtda kompaniya o‘zining eski .net domenidagi saytini .com'ga tomon o‘tkazishni davom ettirmoqda. Hozirda oneplus.net vebsaytiga kirish uchun yuborilgan so‘rovlar oneplus.com tomon yo‘naltirilayotganini ko‘rish mumkin.

oneplus.com domen nomining oldingi egasi AQSh joylashgan chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha texnologiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi OnePlus Systems kompaniyasi bo‘lganligi ma’lum qilinmoqda. Ushbu kompaniya o‘zining asosiy oneplussystems.com vebsaytiga kirishni yengillashtirish maqsadida oneplus.com domen nomini 2002 yilda ro‘yxatdan o‘tkazgani aytilmoqda. Shu vaqtga qadar oneplus.com'ga kirish uchun yuborilgan so‘rovlar oneplussystems.com vebsaytiga yo‘naltirib turilgan. AQShlik OnePlus'ning asosiy sayti o‘zgarishsiz qolayotgani sababli u oneplus.com domen nomini sotishdan hech narsa yutqizmayotganligini anglash mumkin.

Vebsaytlar haqida ma’lumotlarni taqdim qiluvchi who.is xizmatiga ko‘ra, oneplus.com domen nomining egaligi bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar joriy yilning 16 martida ro‘y bergan. Demak OnePlus ayni shu kuni o‘zi orzu qilgan domen nomini sotib olgan yoki xaridni rasmiylashtirgan, deb taxmin qilish mumkin.

OnePlus nihoyat o‘z orzusiga erishgani sharofati bilan vebsaytining forumlar ruknida foydalanuvchilar uchun ajoyib yutuqlarga boy tadbir tashkil qilmoqda. Kompaniya muxlislari ushbu forumda o‘z hayotlarida sodir bo‘lgan eng ulkan voqealar va orzulari ushalgan kun haqida hikoya qiladilar, tasodifan tanlab olingan beshta hikoya egalari esa OnePlus'dan ryukzak va noutbuk qabul qilib olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!