OnePlus'ning yangi byudjet smartfoni hech ham byudjetga o'xshamaydi!

OnePlus'ning yangi byudjet smartfoni hech ham byudjetga o'xshamaydi!

Bir necha kun avval OnePlus kompaniyasi rasman o'zining Nord CE 3 Lite smartfonini namoyish qildi. O'rta sinfga mansub ekanligi aytilayotgan smartfon texnik xususiyatlarda flagmanlardan qolishmaydi.

OnePlus Nord CE 3 Lite smartfoni 165.5×76×8.3 mm o'lchamda va 195 gram og'irlikda bo'lib, u 6.72 dyuymli 120 gerts tezlikda yangilanadigan FHD+ rezolyutsiyadagi LCD displeyga ega va u 680 nit maksimal yorug'likka chiqa oladi. Kapot ostida esa qurilma Qualcomm'ning Snapdragon 695 chipseti bilan jihozlangan. Uning 8 GB (LPDDR4X) operativ xotirasini yana shuncha GB virtual xotira bilan kengaytirish mumkin. 128/256 GB (UFS 2.2) doimiy xotirani esa microSD karta bilan 1 TB gacha kengaytirib olsangiz bo'ladi.

5000 mA/soat batareyaga kelsak, u sizga 8.8 soatgacha PUBG o'ynash, YouTube'da 17.1 soatgacha video ko'rish yoki WhatsApp orqali 8.7 soat tinimsiz videochat qilish imkonini beradi. Agar uning quvvati tugab qolsa, uni 67 Vt tezlikda atigi 30 daqiqa ichida 80% gacha quvvatlab olishingiz mumkin. SuperVOOC Endurance Edition xususiyati esa batareya "qarishi"ning oldini oladi va shunda u sizga 4 yilgacha yaxshi xizmat qiladi. Smartfon Android 13 ga asoslangan OxygenOS operatsion tizimining 13.1 versiyasida ishlaydi.

Tasvirga olish borasida Nord CE 3 Lite'ning orqa tomonidagi uchlik kamera tizimi ikkilik kamera orollaridan joy olgan. Ularning asosiysi Samsung kompaniyasining f/1.7 diafragmali 108 MP kamera sensori bo'lib, u EIS (Electronic image stabilization), ya'ni tasvirni elektronik barqarorlashtirish xususiyatiga ega.

Qolgan kameralarning ikkovi ham f/2.4 diafragmali 2 MP sensorlar bo'lib, ularning biri portret, ikkinchisi esa makro linzalar hisoblanadi. Ushbu kameralar sizga 1x dan 6x gacha zum qilish, 1080p/720p formatida 30 kadr/sekund yoki 720p formatida 120 kadr/sekund slow-motion videolar olish imkonini beradi. Old tomonda esa selfilar uchun 16 MP (f/2.4) kamera o'rnatilgan va u telefonni qulfdan ochishda yuzni skanerlash uchun ham xizmat qiladi.

Aloqa va ulanish borasida 5G, Wi-Fi 5 va Bluetooth 5.1 qo'llab-quvvatlanadi. Qo'shimchasiga smartfon yon tomonida barmoq izini aniqlash skaneri va bundan tashqari ikkilik stereo ovoz kuchaytirgichlar (200% Ultra ovoz rejimi bilan), 3.5 millimetrli simli naushnik uyasi, kontaktsiz to'lovlar uchun esa NFC xususiyati mavjud.

OnePlus Nord CE 3 Lite smartfoni xromatik kulrang va laym ranglarida Hindistonda 11-apreldan, Yevropada esa 20-apreldan sotuvga chiqariladi taklif qilinadi. Uning narxi quyidagicha:

Yevropada:
OnePlus Nord CE 3 Lite 8/128 GB – 329 yevro (≈359 dollar)

Hindistonda:
OnePlus Nord CE 3 Lite 8/128 GB – 19,999 hind rupiyasi (≈244 dollar)
OnePlus Nord CE 3 Lite 8/256 GB – 21,999 hind rupiyasi (≈268 dollar)