Oppo R11 Plus: Xitoyda navbatdagi shov-shuvli taqdimot o‘tkazildi

Oppo R11 Plus: Xitoyda navbatdagi shov-shuvli taqdimot o‘tkazildi

9 iyunda Xitoyning va jahonning eng peshqadam smartfonsoz kompaniyalaridan biri bo‘lgan Oppo katta shov-shuvlar bilan R11 va R11 Plus flagmanlarini taqdim qildi. Ularning eng muhim jihatlari qatoriga fotosurat olish imkoniyatlari keltirish mumkin.

Misol uchun, devaysning 20 megapikselli old kamera bilan ta’minlangani kutilmagan xabar bo‘ldi. Ikki ob’yektivli bosh kameralarning biriga keng burchakli surat oluvchi 6 linzali, apertura hajmi f/1.7 bo‘lgan 16 megapikselli Sony IMX398 datchigi, ikkinchisiga 20 MP sig‘imli surat oluvchi Sony IMX350 sensor o‘rnatilgan.

Smartfon bir qarashda iPhone dizaynini eslatib yuboradi. Jumladan, tashqi ko‘rinishi iPhone 7 Plus hamda hali taqdim etilmagan OnePlus 5 telefonlariga o‘xshab ketadi. Metall korpusli smartfonning qalinligi 7,8 mm, vazni esa 188 gramm.

Oppo R11 Plus 6 dyuymli va AMOLED matritsali FullHD displeyga ega. Shuningdek, yana bir ahamiyatli jihati — gadjet birinchi bo‘lib yaqindagina taqdim qilingan Snapdragon 660 protsessoriga ega bo‘ldi. Shuningdek, 6 gigabaytli tezkor va 64 Gb doimiy xotira (microSD xotira uchun bo‘lma), Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi, sig‘imi 4000 mA soat bo‘lgan va tezkor quvvat oluvchi akkumulyator, barmoq izlari skaneri bilan smartfon o‘ziga xosdir.

Oppo R11

Uning quyiroq talqini — Oppo R11 esa 5,5 dyuymli AMOLED matritsali FullHD displeyga ega. Uning ham kamera imkoniyatlari yuqori: bosh kamera — 20 Mp va 16 Mp, 2 karrali zum va suratlarni qayta ishlaydigan maxsus Qualcomm Spectra 160 ISP protsessoriga ega. Unga ham yangi Snapdragon 660 chipi o‘rnatilgan. Oppo R11’ning ham old kamerasi 20 megapikselli matritsa bilan ta’minlangan. Akkumulyator sig‘imi esa 2900 mA·soat.

Narx-navo
Smartfonlar iyundan boshlab sotuvga chiqadi. Oppo R11 Plus smartfoni $500, Oppo R11 $485 dollardan sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.