Ovqatni o‘zi olib keluvchi «aqlli» muzlatgich yaratildi!

  •   DiMaX
  •  1448
  •  04.09.2017 09:57

Ovqatni o‘zi olib keluvchi «aqlli» muzlatgich yaratildi!

Berlinda bo‘lib o‘tayotgan IFA 2017 ko‘rgazmasida Panasonic kompaniyasi o‘zining yangi ishlanmasini namoyish etdi. Bu – divandan qo‘zg‘almagan holda, muzlatgichni yoniga chaqirib olishni orzu qiluvchi dangasalar uchun ajoyib qurilma, deb yozadi Engadget nashri.

Tanballarning orzusi

Panasonic «aqlli» muzlatgichi xuddi robot-changyutgich singari ishlaydi. U maxsus sensorlari yordamida o‘zi joylashgan xona ichini o‘rganib chiqadi va egasining yoniga borish uchun barcha yo‘nalishlarni aniqlab oladi.

Muzlatgich muntazam tarzda kutish rejimida turadi. Uy sohiblaridan biri chaqirgach, u ish rejimiga o‘tadi. Masalan, ulardan kimdir «Muzlatgich, bu yoqqa kel!» deyishi bilan qurilma harakatlanib, o‘sha kishining oldiga boradi va eshigini ochib, ichidagilarni taqdim etadi.

Kimga kerak o‘zi bu?

Tabiiyki, mazkur muzlatgich birinchi navbatda imkoniyati cheklangan kishilar hamda keksalar uchun ishlab chiqilmoqda. Biroq tani-joni sog‘ kishilar orasida ham bu ajabtovur qurilmaga ega bo‘lishni istovchilar topiladi. Kimdir qiziqishdan, kimdir erinchoqligidan...

Ammo bu hali orzuligicha qolayotir – bu muzlatgichni barcha uchun qachon taqdim etishini hozircha kompaniyaning o‘zi ham bilmayapti. Shuningdek, bu «aqlli» qurilma ustidagi ishlar haliyam yakuniga yetgani yo‘q, takomillashtirish jarayoni ketyapti. Masalan, Panasonic unga ovqatni tezda isitib ham beruvchi panel qo‘shishni rejalashtirmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!