O‘zbekiston yarim million dollar evaziga xalqaro ilmiy ishlar bazasiga ulandi

O‘zbekiston yarim million dollar evaziga xalqaro ilmiy ishlar bazasiga ulandi

O‘zbekistonlik olimlar va talabalar xalqaro Web of Science (WOS) ilmiy-tahliliy materiallar bazasidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldilar. Mazkur tizimga ulanishni Fan va texnologiyalari agentligi nazorat ostiga oladi. Mazkur tizimga 2017 yilning 1 iyulidan 2018 yilning 1 iyuliga qadar ulanish uchun O‘zbekiston yarim million AQSh dollari miqdoridagi obuna mablag‘ini to‘lab bergan.

Yurtimiz olimlari hamda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlar uchun yaratilgan bu imkoniyat ilm-fan ahliga bazadagi ilmiy maqolalardan foydalanish, u yerda o‘zlarining ilmiy ishlarini chop qilish, jahon miqyosida amalga oshirilayotgan so‘nggi ilmiy izlanishlar va ularning natijasidan boxabar bo‘lish imkoniyatini beradi.

Ilmiy ishlar bazasida bugungacha 18 mingdan ziyod maqola-materiallar, 80 mingdan ziyod monografiyalar mavjud. Baza jahonning taniqli ilmiy jurnallari bilan hamkorlik qiladi. Web of Science tarmog‘iga O‘zbekiston ilk marotaba 2015 yilda ulangan. Bungacha MDH davlatlaridan Qozog‘iston 2010 yilda, Rossiya 2012 yilda tarmoqqa obuna bo‘lgan. O‘zbekiston ushbu ilmiy ishlar bazasiga material chop etish reytingida 4700 ta hujjat bilan 99-o‘rinda turibdi.    

WOS tarmog‘iga ulanish O‘zbekistonga xalqaro ilm-fan hamjamiyatidagi yangiliklarni hisobga olgan holda, ilmiy tadqiqotlar olib borish, mahalliy olimlarning izlanishlari bilan xalqaro hamjamiyatni tanishtirish, yosh o‘zbek olimlarining ishlarini xorijda e’lon qilish uchun ayni muddao.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!