O‘zbekistonlik yetakchi dasturchilardan biri Bahriddin Abdiyev bilan suhbat

O‘zbekistonlik yetakchi dasturchilardan biri Bahriddin Abdiyev bilan suhbat

1. O‘zingiz haqingizda gapirib bering, qayerliksiz, qaysi oliygohda tahsil olgansiz?

Qashqadaryo viloyatining Kitob shahrida tug‘ilganman. 8-umumta’lim maktab-internatda o‘qiganman. Maktab paytimda matematika, fizika, informatika kabi aniq fanlarga juda qiziqardim. 11-sinfdaligimda 48-Xalqaro Olimpiadada qatnashib, bronza medali sovrindori bo‘lganim uchun Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining (JIDU) Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetiga imtiyozli qabul qilinganman. Hozirda Avstraliyaning Melburn Universitetida Informatsion Texnologiyalar yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil olayapman.

2. Dasturchi bo‘lishingizga nima turtki berdi? Ishni aynan nimadan boshlagansiz?

9 yoshimda tog‘am kompyuter sovg‘a qilgandilar. O‘sha paytlarda darslikdan o‘rganib judayam sodda dasturlar yozardim: natural sonlarning kvadratlari yig‘indisini hisoblash, ekranda dastur orqali rasm chizish, eng sodda animatsiyalar va hk. Lekin ochig‘ini tan olishim kerak, dasturlashdan ko‘ra ko‘proq o‘yin o‘ynaganman. O‘tish yoshida har xil yengil-yelpi orzularu, kimlarnidir qoyil qoldirishga xohish kuchli bo‘lgani uchunmi, JIDUga o‘qishga topshirganman. Bakalavrda 4-kurs paytimda Matematik modellashtirish kafedrasi meni talabalar o‘rtasida informatika bo‘yicha respublika olimpiadasiga qatnashishga tavsiya qildi. Olimpiadaga 1 hafta qolgan, universitetda o‘qish ham unchalik osonmasdi. Lekin shunga qaramasdan, yomon qatnashmadim. Undan keyin talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan xalqaro informatika olimpadasida jamoa tuzib ketma-ket 2 yil qatnashdik. Ularga yaxshiroq tayyorlanib bordik: Javada dastur tuzishni o‘rgandik va keyingi bosqichga chiqdik. Shular sabab dasturlash mening asil taqdirim ekanligini tushunganman. O‘qishni bitirgandan keyin internetdagi onlayn darslar va kitoblardan o‘qib erkin o‘rganganman.

3. Chet elga ko‘chib ketish va ishga joylashishingiz haqida so‘zlab bering.

Qancha o‘rganmay, baribir bilimim kamdek tuyulaverdi - hozirgi IT borasida eng qaynoq sohalar bo‘lgan sun’iy intellekt, mashina o‘rganishi, ma’lumot ilmi kabi sohalarni chuqurroq o‘rganishga intilish magistraturada o‘qishga undadi. Avvaliga o‘zimizda Inha universitetida o‘qishga qiziqib ko‘rdim. Lekin u paytda magistrtura yo‘nalishi hali ochilmaganligini, xohlasam, bakalavrga kirib o‘qishim mumkinligini aytishdi. Shu sababli chet el oliy o‘quv yurtlaridan qidirishni boshladim. Ochig‘i, ham bizda, ham chetdagi ko‘p o‘qishlarning magistraturasiga bakalavrdagi yo‘nalishi yaqin bo‘lmasa, qabul qilishi qiyin. Bu orada Avstraliyada yashaydigan Jobir akam (qarindoshim) u yerdagi o‘qishlarga ham qiziqib ko‘rishimni maslahat berdilar. Shu yo‘sinda Melburn Universitetini topdim. Bu yerda nafaqat o‘qishga qabul qilishdi, balki ma’lum miqdorda grant ham berishdi. Tabiiyki, qabul qildim. Omadim keldi desam bo‘ladi!

Avstraliyaga ko‘chishim unchalik qiyin bo‘lmadi. Yuqorida aytganimdek, bu yerda qarindoshimiz bor. Sharoitga moslashish uchun ularnikiga ertaroq keldim. Avstraliya o‘qish va yashash uchun juda yaxshi joy ekan. Moslashishga qiynaldim desam yolg‘on bo‘ladi.

4. Karerangizdagi eng muhim loyiha yoki erishgan yutug‘ingiz.

Bunga arzirli javob bera olmayman. O‘z ishimga nisbatan juda injiqman. Qolaversa, hali biror ishni qoyillatib qo‘ydim deb hisoblamayman ham. Kareram esa, endi o‘sib kelyapti. Hozirgacha marketing menejerligidan tortib o‘qituvchilikkacha, frilanserlikdan tortib, quruvchilikkacha qilib yurgan odamman. Hozirda esa, talaba statusidaman. Menimcha, bu hamma narsani oydinlashtiradi : )

5. Ish muhitingizni tasvirlab bering.

Hozirda o‘qishdan yozgi ta’tilga chiqqanmiz. Sidneydagi "Nsquared" kompaniyasida praktikada ishlayapman. Jamoa unchalik katta emas - praktikantlardan tashqari o‘ntacha kishidan iborat. Ish tizimi o‘ziga xos: ertalab ish boshlashdan avval barchamiz yig‘ilib kecha nima ish qilganimiz, nimaga erishganimiz, bugun nima qilmoqchiligimiz, jamoadan yordam kerak bo‘lsa, hammasi haqida qisqacha barchaga hisobot beramiz. Bu nari borsa, 20 daqiqa vaqtni oladi. Dushanba va Juma kunlari boshqa takroriy yig‘ilishlar bo‘ladi. Sizga boshqalarning doim yordamga tayyorligi, fikringizni eshitishlari va praktikant bo‘lishga qaramasdan barcha bilan barobar ishchi sifatida inobatga olishlari daxldorlik va mas’uliyat hissini uyg‘otadi. Menga yoqadigan yana bir boshqa jihati, hozirda men bilan birga 3 ta praktikantni ishga olishgan bo‘lsa, bizga o‘zlari erinadigan, yengil ishlarni berish o‘rniga barcha imkoniyatlarni va kompaniyaning maqsadini tushuntirib, unga mos keladigan loyihani ishlab chiqib, shuni shu 3 oy ichida topshirish vazifasi qo‘yilgan. Menimcha, bu praktikantlarni haqiqiy ish muhitiga va yetakchilikka tayyorlashning juda yaxshi yo‘li.

6. Ishlayotgan kompaniyangizda xodimlarga qanday talablar, nazoratlar yo‘lga qo‘yilgan? Loyihalarni doim muddatida topshirishga ulgurasizmi?

Yuqorida aytganimdek, ish muhiti mas’uliyatni hamda erkin fikrlash, muammoni erkin hal qilish va jamoa bilan birga ishlash qobiliyatini talab qiladi. Har kunlik qisqa hisobot va boshqalarning yutuqlarga erishishi sizni yanada oldinga harakat qilishga undaydi. Agar aytilgan muddatda ishni tugata olishingizga ishonmasangiz, buni darhol aytishingiz kerak va jamoa sizga qo‘lidan kelgancha yordam beradi.

7. Ishlashingizga eng ko‘p turtki bo‘luvchi omil nima?

Ishimni sevishim va qilayotgan ishlarim o‘z mevasidan ko‘plab insonlarning bahramadn bo‘lishlari. Hayotidan ma’no qidirgan va shunchaki yashashni istamagan inson uchun eng yaxshi ish shu, menimcha. Qolaversa, informatsion texnologiyalar bugun va kelajak kasbi.

8. Kasbingizda omadning o‘rni qanchalik yuqori?

Omad har qanday hayot yo‘li yoki sohasi uchun juda muhim. Abduqayum Yo‘ldoshning "Puankare" hikoyasini o‘qigan bo‘lsangiz, meni juda oson tushunasiz. Ota-onam, yaqinlarimning meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlaridan tortib, tarbiya topgan muhitning ta’siri, to‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qilish - bularning hammasi omad va yaratganning himmati. Lekin omad tarozining bir pallasida bo‘lsa, qunt, sabr va harakat boshqa pallasidagi muhim omillar. Shunday ekan, teng yarmi omadga bog‘liq desam bo‘ladi.

9. Qanday kitoblarni mutolaa qilasiz, qaysi bloglarni kuzatib borasiz?

Kitob janrini unchalik tanlamaymanku lekin fantastik va detektiv asarlar ko‘proq yoqadi. Asosiysi, sayoz yozilmagan bo‘lishi kerak. Shuning uchun men hurmat qiladigan inson biror kitobni tavsiya qilsa, o‘shani o‘qiyman. Ochig‘i, o‘zbek tilida chop etilayotgan mustaqillikdan keyin chiqqan mualliflarning ayrim kitoblarida sayozlikni kuzatganman - ular o‘quvchining ketqizgan vaqti va mablag‘iga nisbatan mas’uliyatni his qilishsa, yaxshi bo‘lardi. O‘zbek klassik adabiyotini sevib mutolaa qilaman. Chet el adabiyotlaridan Artur Konan Doyl, Den Braun, Ayn Rend, Jorj Orvel, Uolter Ayzekson asarlarini berilib o‘qib chiqqanman.

Biror blogni doimiy kuzatib bormayman. Biror mavzuni erkin tadqiq qilmoqchi bo‘lsam, blog va ilmiy maqolalar o‘qishimga to‘g‘ri keladi. Hatto feysbukda ham eng yaqin insonlarimning yangiliklarini aytmasa, lentamda faqat ilmiy kashfiyotlar va sohamga aloqador maqolalar aylanib turadi. Oxirgi paytda rejalashtirgan o‘rganishim kerak bo‘lgan fan va yo‘nalishlar ko‘payib ketmoqda. Shuning uchun asosan ilmiy kitoblar va darsliklardan bo‘shamayapman.

10. O‘zingiz qanday loyihalarni yaratishni va uni rivojlantirishni istaysiz?

Hozirgi global muammolarni yecha oladigan va muqobil rivojlanishni ta’minlay oladigan loyihalarni yaratishni istardim. Bu eng katta orzularimdan bittasi. Aniq qaysi loyihani qilishim haqida hozir bir narsa deyolmayman.

11. Bolalikdagi qaysi orzularingizni amalga oshira oldingiz?

Bolaligimda orzularimning soni va turining chegarasi yo‘q edi. Ularning hammasini amalga oshirishni bir kishi uyoqda tursin, 10 kishiyam eplashi qiyinov. Hozir ularning ko‘pchiligi men uchun muhim emas ham. Amalga oshgan katta orzularim esa quyidagilar:

- 5-sinfdaligimda Xalqaro Matematika Olimpiadasida qatnashib, oltin medal olishni orzu qilgandim - qisman erishdim?

- Chet elning nufuzli oliygohida o‘qishni orzu qilgandim - buyam amalga oshyapti.

Hozirdagi orzularim: kuchli mutaxassis bo‘lish va sohamda o‘z biznesimga asos solish.

12. Har bir ishda burilish nuqtasi bor. Bu sizda qanday kechgan?

Boshim devorga urilib ko‘zim ochilgani kabi. Yuqorida aytganimdek, bakalavrni boshqa sohada bitirib, u yo‘l men uchun emasligini tushunishimni o‘sha burilish nuqta deyish mumkin. Umuman, maktab bitiruvchilariga kelajakdagi sohalarini tanlashda mas’uliyatlli bo‘lishlarini, boshqalarning gapiga emas, o‘zlarining asl orzu va xohishlariga qarab tanlashlarini maslahat berardim. Buning sodda sirini aytishim mumkin: hobbiyingizni kasbga aylantirishga intiling. Men uchun dasturlash eng yoqimli hobbi edi.

13. Kasbingizdagi ustoz deb kimni bilasiz?

Google! : ) Menimcha, har qanday dasturchining hayoliga birinchi keladigan javob shu bo‘lsa kerak : ). Jiddiy aytadigan bo‘lsam, Ruslan Abdullayevning (Shranet) bergan beminnat saboqlari va maslahatlari eng ko‘p asqotib kelmoqda. Kasbimda matematikaning o‘rni ham juda muhim. Buning uchun, oyijonim hamda ustozim Abdiyev Baxtiyor domlaga, Rahmonov Umid akalardan ko‘pdan ko‘p minnatdorman.

14. Jamoada ishlashni afzal ko‘rasizmi yoki yakka holda?

Bu loyihaga qarab. Agar u katta bo‘lsa, albatta, jamoa bilan ishlash ancha samarali. Agar mas’uliyatli, mehnatkash va qobiliyatli insonlardan iborat jamoa tuza olsangiz, aqlga sig‘magan muvaffaqiyatlarga erisha olishingizga ishonaman.

15. Dasturchilar tabiatan intravert bolishadi. Bu fikrga izohingiz.

Unda men dasturchi emas ekanman : D Unaqa deb o‘ylamayman. Bu, menimcha, insonning o‘sgan muhitiga ko‘proq bog‘liq. Lekin dasturchi o‘z ustida tinimsiz ishlashi va ko‘p bosh qotirishi kerak. Shu tufayli ular haqida noto‘g‘ri taassurot paydo bo‘ladi. Hamma qatori asosan ambivertmiz (introvert va ekstravert o‘rtasidagi tur).

16. Ilg‘or dasturchi bo‘lish istagidagilarga nimalarni tavsiya qilasiz?

Avvalo ingliz tilini yaxshi bilishlarini. Undan keyin Edx.Org, Udacity, Coursera kabi onlayn o‘quv platformalaridan o‘zlari qiziqqan sohani o‘rganishlarini. Menga qolsa, 4 yil nomiga o‘qigan diplomli dasturchidan o‘zi mustaqil yuqorida sanalgan saytlardan 2 ta kursni erkin o‘rganib kelgan odamni ishga olishni afzal bilardim.

Manba: Sos IT Academy

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!