Panasonic himoyalangan yangi gibrid planshetini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1067
  •  29.06.2017 11:48

Panasonic himoyalangan yangi gibrid planshetini taqdim etdi

Panasonic kompaniyasi mustahkam himoyaga ega Toughbook CF-XZ6 gibrid planshetini namoyish etdi. Mazkur model «oq yoqalilar» – turli sohalardagi top-menejerlar, biznes-konsultantlar, merchendayzerlar, auditorlar va yuqori lavozimli davlat xizmatchilari uchun, deya ta’riflanmoqda.

Panasonic Toughbook CF-XZ6 diagonali 12 dyuymli – 2160×1440 pikselli ekran bilan jihozlangan. Unga 7-avlod Intel Core i5-7300U vPro protsessori qo‘yilgan. Qurimlaning tezkor xotirasi 8 GB, qattiq diskidagi doimiy xotirasi esa 256 GB hajmga ega. Unga o‘zining klaviatura panelini ulab, noutbuk rejimiga o‘tkazish mumkin.

Toughbook CF-XZ6 har qanday turdagi biznes-portlarni qo‘llab-quvvatlaydi, ular orasida LAN, HDMI, USB 3.1 (Gen 1) Type-C va USB 3.0 ham bor. Shuningdek, 4G LTE opsiyasiga ega WLAN Intel Wireless-AC 8265 hamda Bluetooth 4.1 modullari mavjud. Devays Windows 10 Pro operatsion tizimi versiyasida ishlaydi.

Noutbuk rejimida mazkur gadjet 14 soatgacha uzluksiz ishlab beradi. Buni ta’minlash uchun klaviaturaning o‘ziga qo‘shimcha batareya ham o‘rnatilgan, u shoshilinch hollarda asosiy akkumulyator vazifalarini o‘z zimmasiga ola biladi. Planshetning o‘zidagi 4 unsurli batareya bo‘lsa quvvatlashsiz 6,5 soat ishlashga yetadi.

Panasonic’ning ushbu devaysi himoyalangan bo‘lib, 76 santimetrgacha balandlikdan tushib ketganida unga hech nima bo‘lmaydi.

Panasonic Toughbook CF-XZ6 shu yilning iyulida savdoga chiqariladi. Uning standart konfiguratsiyadagi (Intel Core i5, 8 GB RAM, 256 GB SSD, 4G tarmog‘isiz) modeliga 2081 yevro narx belgilangan.

Gibrid planshetning qolgan xususiyatlari bilan uning maxsus sahifasida batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.