Panoramali 360-video qanaqa bo‘ladi?

  •   DiMaX
  •  1250
  •  17.02.2017 16:42

Panoramali 360-video qanaqa bo‘ladi?

Divanda yotgan joyingizda Himolay tog‘ining tepasidan o‘zingiz istagan tomonga qarab atrofni kuzatishni, sevimli guruhingizning konsertiga o‘zingizga mos vaqtda tushib, zal bo‘ylab yurib tomosha qilishni, uyqu oldidan Saturn orbitasi bo‘ylab sayr qilishni xohlaysizmi?

Endi buning imkoni bor, garchi virtual tarzda bo‘lsa ham. 360 darajalik video texnologiyasi sharofati bilan bugungi kunda videotasvirning «ichida turib», atrofga – o‘zingiz xohlagan tomonga qarab panoramali tarzda tomosha qilish mumkin.

Xo‘sh, qanaqa bo‘ladi o‘zi u?

Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu – o‘ziga xos videorolik: uning tasviri faqatgina bir tomonlama kameradan olingan emas, balki videoni ko‘rishda 360 darajali atrofga qarash imkoni mavjud – nafaqat gorizontal, balki hatto vertikal yo‘nalishda ham! Videoni tomosha qilish jarayonida xuddi ekrandagi voqealarning ichida turgandek bo‘lasiz. Deylik, diskoteka zalidan olingan videolavhani ko‘ryapsiz, zalning o‘rtasida, naq xonandaning ro‘parasida turib olingan tasvir. Shunda sichqoncha bilan (yoki sensor ekranda – displeyni silash orqali) ekranni chapdan o‘ngga «burasiz». Shunda go‘yoki siz ko‘rayotgan videolavhani tasvirga olayotgan kamera chapga o‘giriladi-da, yon tomonda raqs tushayotganlarni ko‘rasiz. Qalay, mo‘’jizami?

Buning yanada rivojlantirilgani virtual reallik – Virtual reality deyiladi. Bularning farqini sodda tarzda quyidagicha tushuntirish mumkin: 360 darajalik panoramali videolavha ko‘rayotib, siz faqatgina «kamera bilan birga yurib», shuning barobarida 360 darajada atrofga qaray olasiz. Masalan, videolavha koridor bo‘ylab yurib tasvirga tushirilgan, koridorning ikki tomonida ochiq eshiklar orqali xonalarning ichlari ko‘rinib turibdi. Videooperator faqat shu koridor bo‘ylab yurib o‘tgan, xonalarga kirmagan. Siz rolikni ko‘rayotib, o‘sha koridor bo‘ylab yurgandek bo‘lasiz, atrofga istagancha qarab, ikki tomondagi xonalar ichlariga qarab o‘tasiz, orqangizga qayrilib va yuqoriga «boshingizni ko‘tarib» ham qaray olasiz.

Endi xuddi shu lavha virtual reallik, ya’ni VR-video tarzida olingan bo‘lsa, siz nafaqat koridor bo‘ylab yurib o‘tasiz, balki yon tomondagi o‘zingiz shu tobda istagan biror xonaning ichiga kirib ketishingiz ham mumkin. Ya’ni, bunaqa videolavhada nafaqat «videokamerani atrofga qaratish», balki uni o‘zingiz istagan tomonga «olib borib» ko‘rish ham mumkin. Bu endi o‘ziga xos yangicha formatdagi media!

360-videolarni qayerdan ko‘rish mumkin?

Bunaqa videolavhalarning asosiy va eng yirik manbalari uchta: Oculus VR, Samsung VR hamda YouTube (aniqrog‘i, undagi Virtual Reality kanali). Bulardan tashqari, bir nechta mustaqil servislar ham bor, ammo ularning kontenti bularniki qadar boy emas va tor yo‘nalishda.

Bulardan har birining o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlari mavjudki, har biriga chuqurroq to‘xtalish – alohida maqolalar mavzusi. Hozircha shularga o‘tib, bahra oling!

Shuningdek, poytaxtimizdagi diqqatga sazovor maskanlarga 360° panorama ko‘rinishida nazar solish ham mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!