Pixel 2 va Pixel 2 XL: suratlar va narxlari ma’lum

  •   DiMaX
  •  2049
  •  20.09.2017 16:28

Pixel 2 va Pixel 2 XL: suratlar va narxlari ma’lum

Google ikki haftadan so‘ng – 4 oktyabr kuni o‘zining ikkita yangi smartfonini taqdim etadi. Droid-Life sayti esa allaqachon ularning suratlarini hamda narxlari haqidagi ma’lumotni oshkor qildi.

Google Pixel 2 hamda Pixel 2 XL deb nomlangan ushbu yangi qurilmalarning asosiy o‘ziga xosligi – kamerasidagi «Google Lens» deb ataluvchi funksiyasidir. Bu funksiya sharofati bilan u mashhur tarixiy ob’yektlarni, kitoblarni, videoo‘yinlarni va boshqa narsalarni taniy oladi.

Renderlarga ko‘ra, taqdim etiladigan ikkita smartfonning tashqi ko‘rinishi o‘zaro o‘xshash. Faqat orqa qopqoqning yuqori qismida farq qiladi: Pixel 2 XL modelida u qora rangda, Pixel 2’da esa – korpus rangiga bog‘liq holda turlicha.

Smartfonlarda barmoq izi skaneri oldingi joyida qolgan, ob’yektiv o‘lchami esa sezilarli darajada kattalashgan. Hozirda urfga kirgan romsiz displey bu devayslarda qo‘llanmagan, shuning uchun yangi «Piksel»lar ham oldingi «ajdod»lariga juda o‘xshash.

Kompaniyaning o‘zi mazkur yangi gadjetlarining taqdimot kunini noan’anaviy tarzda ma’lum qilgan, ammo ularning xususiyatlarini rasman oshkor etmagan.

Narxlar masalasiga kelsak, Pixel 2 modeli ichki xotirasi 64 hamda 128 gigabaytlik talqinlarda ishlab chiqariladi va ular tegishlicha 649 va 749 dollarga baholanadi. Pixel 2 XL ham shunday hajmlardagi xotiraga ega bo‘lib, narxi 849 va 949 dollarni tashkil etadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!