Qani, qizim, bir kosa batareykangdan suzchi!

Qani, qizim, bir kosa batareykangdan suzchi!

Tasavvur qiling, siz salomatligingiz holatini kuzatadigan sensorni yutib yuborasiz, u esa oshqoningizga o‘rnashib olgach, fiziologik ma’lumotlarni shifokorga yuborishni boshlaydi. Sensor esa iste’molga yaroqli batareyalardan quvvatlanadi. Juda g‘aroyib, to‘g‘rimi!? Biroq bunday kashfiyotlar tez orada amaliyotda qo‘llanilishi mumkin.

Karnegi-Mellon universiteti tadqiqotchisi Kristofer Bettinger va uning jamoasi odam terisi, sochi va ko‘zlarida mavjud bo‘lgan melanin pigmentidan o‘ziga xos batareyani ixtiro etishdi. U nafaqat organizmni erkin radikal moddalardan himoya qiladi, balki metall ionlarini ham o‘zaro bog‘lashga xizmat qiladi, Bu esa har qanday batareyaning ishlashi uchun muhim xususiyat hisoblanadi.

Bu kabi melaninli batareya 18 soat davomida qurilmani 5 millivatt quvvat bilan ta’minlashi mumkin. Mazkur batareya hazm qilish tizimiga kiritiladigan ilk moslama bo‘lib,  organizmda butunlay so‘rilib ketadi. Bunday batareyalarni amalda ishlatib ham ko‘rishdi, ammo hali u kutilgan samarani bergani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da olimlar orqaga chekinishmadi. Endi ular pektin moddasiga ega batareyalar ustida ish olib borishmoqda. Tez kunlarda ushbu ixtiro tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida qo‘llanilsa ajab emas. Chunki bemor organizmidagi sensor uning fiziologik holatini kuzatish va zarur bo‘lganda kerakli muolajalarni bajarishga yordam beradi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.