Qani, robotjon, bir qop olma terib keling-chi

Qani, robotjon, bir qop olma terib keling-chi

So‘nggi paytlarda robotlar kelajakda ishlab chiqarish sohasida insonlarning o‘rnini bosishi haqidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Ammo robotlarning sanoatga kirib kelishi biz o‘ylaganimizdan ham tezroq sodir bo‘lmoqda. Masalan, shu kunlarda olma teradigan robot yaratilib, uning yalpi ishlab chiqarilishi yaqin orada boshlab yuboriladi.

Robotni yaratishni Abudant Robotics Inc. kompaniyasi o‘z zimmasiga olgan. Hozircha robotga biror nom berilmagan bo‘lsa-da, tayyor model kishida yaxshi taassurot qoldiradi. Robot 1 soniyada bitta olma uzishga va ko‘chatlarga zarar yetkazmay daraxtdan-daraxtga o‘tishga qodir. Abudant Robotics kompaniyasining ta’sischilaridan biri bo‘lgan Den Stirining aytishicha, hosilni yig‘adigan va bir vaqtning o‘zida mevalarga zarar yetkazmaydigan qurilmani yaratish muhandislar uchun oson kechmagan. Lekin ular vakumli terim orqali buning yechimini topishgan. Mohiyatan bunday usul qaysidir jihati bilan uy tozalashda changyutgichdan foydalanish jarayonini esga soladi. Ammo robot anchagina mohirona tarzda ishlaydi va uzilgan olmalar zararlanmasligi uchun amortizatsiyalangan quvurlardan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, kelajakda robot shikastlangan poyalarni aniqlashi hamda kasallangan daraxtlarni belgilashi ham mumkin bo‘ladi.

Istiqbolda robotni boshqa meva va sabzavotlarni yig‘ishga o‘rgatish ham rejalashtirilgan. Avstraliya va AQShdagi fermer xo‘jaliklari allaqachon loyihaga katta qiziqish bildirganlar.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!