«Qayta tirilgan» Nokia 3310 (2017) endi 3G-talqinda chiqadi!

  •   DiMaX
  •  1459
  •  28.09.2017 14:15

«Qayta tirilgan» Nokia 3310 (2017) endi 3G-talqinda chiqadi!

HMD Global kompaniyasi tomonidan joriy yilda qaytadan ishlab chiqarilgan hamda MWC 2017 ko‘rgazmasida taqdim etilgan yangicha Nokia 3310 (2017) modeli ham allaqachon sotilayotganidan xabaringiz bor. Rossiyada ularning ilk partiyasi bir kundayoq sotib tugatilgani, bungacha Xitoyda soxta Nokia 3310 savdoga chiqqanini ham ma’lum qilganmiz. Shuningdek, poytaxtimizdagi «Malika» savdo markazida ham bu telefon sotilmoqda, ammo narxi…

Xullasi kalom, endi shu qurilmaning 3G-versiyasi ham ishlab chiqariladi. Bu to‘g‘rida HMD Global mahsulotlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Yuxo Sarvikas o‘zining Tvitter-akkauntida xabar bergan.

Ko‘plab mamlakatlarda (Singapur, Yangi Zelandiya, Gollandiya, AQSh) 2G-tarmoq iste’moldan chiqib bormoqda. Shuning uchun ham «qayta tirilgan» afsonaviy telefonning 3G-talqini asosan ularga mo‘ljallanadi. Biroq u butun dunyo bo‘ylab sotuvga chiqariladi, axir, quvvati uzoq vaqtga yetuvchi telefonning tezkor versiyasi ko‘pchilikka qiziq-da.

«Butun dunyo bo‘ylab ixlosmandlarimiz mazkur telefon 3G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishini so‘rashdi. Muxlislarimiz so‘rashdi, biz esa ularga quloq soldik va endi Nokia 3310 3G modelini taqdim etamiz», – deydi Yuxo Sarvikas.

Shunday qilib, HMD Global nihoyat 3G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan Nokia 3310 telefonini ishlab chiqaradi. U eng avval – shu yilning 16 oktyabridanoq Avstraliyada sotuvga qo‘yiladi. Qolgan mamlakatlar, masalan, Singapur ham «yangilangan» telefonni shu oyda, lekin sal keyinroq xarid qiladi. Keyinchalik bu telefon butun dunyo bo‘ylab savdoga chiqariladi.

Nokia 3310 3G modeli to‘rt xil – sariq, qizil, ko‘k va qora ranglarda taqdim etiladi. Ichki qismlariga ko‘ra u o‘sha-o‘sha Nokia 3310 (2017) bo‘lib qolaveradi. Telefon batareyasini bitta to‘ldirishda uning quvvati so‘zlashuv rejimida 6,5 soatgacha, kutish rejimida esa 27 kungacha yetadi.

Yangi modelning narxi 69 yevro (yoki 80,95 AQSh dollari) qilib belgilangan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!