Qizlar bepul dasturlash kurslarida qatnashadilar

  •   DiMaX
  •  1203
  •  06.07.2017 12:26

Qizlar bepul dasturlash kurslarida qatnashadilar

Bir oy davomida 60 nafar qiz Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi CodeCraft dasturlash kurslarida bepul ta’lim oladilar. Bu haqda universitet saytida ma’lumot e’lon qilingan.

Mazkur ta’lim loyihasi Toshkent shahridagi Inha universiteti tashabbusi bilan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.

Loyiha doirasida darslar 10 iyul kuni boshlanadi. Darslar 15 kishilik 4 ta guruhda ikki soatdan haftasiga uch marta o‘tkaziladi. Loyiha ishtirokchilari «Scratch» tilida dasturlash va «MIT App Inventor» platformasidagi «Android» mobil ilovalarini yaratishni o‘rganadilar.


CodeSraft kurslari rahbari Nuriddin Nurimov shunday dedi: «Mazkur qo‘shma loyiha qizlarning salohiyatini oshirishga va axborot texnologiyalari sohasida gender tenglikni ta’mirlashga qaratilgan. Hozirda dasturlash erkaklarning kasbi, deb qaraladigan stereotip mavjud. Qizlar ham yaxshi dasturchi bo‘lishlari va erkak dasturchilarga raqobatchi bo‘lishlari mumkin».

«Qizlar dasturlashni kelajak kasblari sifatida tanlasalar, ular foyda ko‘radilar. Masalan, turmush qurganlaridan so‘ng yoki bola parvarish qilish vaqtida, ular uylaridan turib buyurtmalarni bajarishlari va pul ishlashlari mumkin. Bu orqali ular oila byudjetiga mablag‘ keltiradilar va o‘zlarining iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydilar», – dedi u.

2015 yilda Toshkent shahridagi Inha universiteti 9 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun «Codecraft» loyihasini ishga tushirdi. Loyihaning maqsadi – bolajonlarning barcha salohiyatlarini ro‘yobga chiqarib, kompyuterda ijodiy ishlarni bajarishga o‘rgatishdir.

Hozirda loyiha doirasidagi dasturlash kurslari «Scratch» tilida o‘tilib, «MIT App Inventor» platformasidagi «Android» mobil ilovalari asosida veb-saytlarni yaratish o‘rgatiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!