QLED-ekranli Samsung televizorlarining narxi ma’lum bo‘ldi

QLED-ekranli Samsung televizorlarining narxi ma’lum bo‘ldi

Joriy yilning yanvar oyida Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan Elektronika va texnologiya mahsulotlari iste’molchilari uchun ko‘rgazmada Samsung kompaniyasi “kvant nuqtali” QLED displeylari turkumiga mansub Q9, Q8 va Q7 modelidagi yangi televizorlarni taqdim qilgan edi.

10 fevral kuni kompaniya Amazon va Best Buy onlayn do‘konlarida mazkur turdagi televizorlarning buyurtma narxlarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, turkumning kenja modeli, 55 dyuymli, 4K sig‘imda tasvir namoyish etuvchi Q7 televizori $2500 dollardan sotuvga chiqadi. Uning 75 dyuymli modelini esa $6000 dollardan xarid qilish mumkin. Televizorning ikki yonga qayrilma 4K ekranli Q8 modeli $3500 dan $4500 dollargacha sotiladi. Uning eng ixcham talqinida 55 dyuymli ekrandan foydalanilgan. Aytish kerakki, bu narx-navo ayni paytda ishlab chiqarilayotgan innovatsion televizorlardan ancha arzon.

Samsung’ning QLED ekranli televizorlarida eng yuqori yorqinlik darajasi 1500-2000 kd/m².ni tashkil etadi. Shuningdek, ekranning rang uzatish saohiyati DCI-P3 standartiga asoslangan bo‘lib, ranglar o‘rtasidagi farqni aniq-tinik payqash mumkin. Ishlab chiqaruvchi tomonidan televizor uchun “ko‘rinmas” shaffof kabel, sport hamda musiqiy dasturlarni tomosha qilishga mo‘ljallangan innovatsion funksiyalar yaratilgan.

QD-LED, QLED (ingliz tilidagi “quantum dot” «kvant nuqtali») texnologiyasi asosida ishlab chiqariladigan ekranlar ayni paytda ommalashgan LCD, LED TV va Retina displeylarga qaraganda kam energiya iste’mol qiladi. Yangi texnologiyaga ega displeylarning ekran osti svetodiodlarida quyuq kristall emas, kvant nuqtalardan foydalaniladi. Bunda kvant nuqtali har bir rangli piksel yupqa plyonkali tranzistorlar tomonidan boshqarilishi mumkin. Natijada, monitorda rang va tasvir sifati yanada yorqinlashadi va ekranni imkon qadar yupqa dizaynda ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.