Qualcomm barmoq izini skanerlashning mutlaqo yangi texnologiyasini yaratdi

  •   DiMaX
  •  1400
  •  28.06.2017 18:52

Qualcomm barmoq izini skanerlashning mutlaqo yangi texnologiyasini yaratdi

Qualcomm Technologies kompaniyasi oldingi barmoq izi skanerlaridan tubdan farq qiluvchi Qualcomm Fingerprint Sensors texnologiyasini taqdim etdi. Bu – barmoq izlarini skanerlash uchun yangi avlod ultratovushli yechimidir. U oldingi avlod – Qualcomm Snapdragon Sense ID skanerlash texnologiyasini kengaytiradi va unga yangi imkoniyatlar qo‘shadi, deyiladi kompaniya saytida.

Qualcomm Fingerprint Sensors tarkibiga quyidagilar kiradi: barmoq izlarini displey, shisha va metall orqasidan skanerlash uchun sensor datchiklar, imo-ishoralarni anglash datchigi va barmoq izlarini suv ostida skanerlash imkoniyati, shuningdek, qurilmaning uyqu rejimidan chiqishi uchun datchik.

Qualcomm’ning ta’kidlashicha, displey orqali barmoq izlarini skanerlash imkoniyatiga ega bo‘lgan yangi Fingerprint Sensor – bu mobil qurilmalar uchun tijorat maqsadida taqdim etiluvchi ilk ko‘pfunksiyali ultratovushli yechimdir. Mazkur texnologiya 1200 mkm.gacha qalinlikdagi OLED-displeylar orqasidan barmoq izini skanerlab, qayd eta oladi va taqqoslay biladi.

Shisha va metall orqasidan barmoq izlarini skanerlovchi datchiklar – tijorat maqsadlarida taqdim etilgan shu turdagi ilk sensorlar bo‘lib, barmoq izlarini 800 mkm.gacha qalinlikdagi shisha hamda 650 mkm.gacha qalinlikdagi alyuminiy orqali ham payqay biladi. Bu – 400 mkm.lik shisha yoki metall orqali barmoq izini skanerlovchi oldingi avlod texnologiyasi bilan taqqoslaganda sezilarli darajada katta burilish.

Qualcomm Fingerprint Sensors datchiklari nafaqat Qualcomm Snapdragon mobil platformalari tarkibidagi integratsiyalashgan texnologiya sifatida, balki boshqa platformalar bilan ham qo‘llanuvchi alohida datchik sifatida ishlab chiqilgan.

Kutilishicha, shisha va metall ortidan barmoq izini skanerlovchi Qualcomm Fingerprint Sensors datchiklari shu oyning o‘zidayoq OEM-ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilishi mumkin. Ular o‘rnatilgan ilk tijorat qurilmalari esa 2018 yilning birinchi yarmida savdoga chiqadi. Barmoq izini displey ortidan skanerlovchi datchiklarni esa OEM-ishlab chiqaruvchilar joriy yilning to‘rtinchi choragida olishlari mumkin bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!