Qualcomm va Microsoft hamkorligidan nega Intel g‘azabda?

  •   DiMaX
  •  1099
  •  10.06.2017 09:41

Qualcomm va Microsoft hamkorligidan nega Intel g‘azabda?

Windows 10 operatsion tizimi bilan chiqariladigan noutbuklarga qo‘yiladigan Snapdragon 835 protsessori x86 arxitekturasi emulyasiyasidan foydalanadi. Bunga esa protsessor ishlab chiqaruvchi nufuzli Intel kompaniyasi norozilik e’lon qildi, deb yozadi engadget.com sayti.

Gap shundaki, Intel kompaniyasi protsessorlarda 8086 arxitekturasini qo‘llay boshlaganiga 40 yil to‘lyapti. Bu yillar mobaynida kompaniya uni rivojlantirishga anchagina kuch-quvvat sarflagan. Endi esa Qualcomm mazkur arxitekturadagi protsessorlarni ishlab chiqarib, Microsoft bilan hamkorlikda tijorat maqsadlarida qo‘llashga – sotishga o‘tmoqda.

«Ayrim kompaniyalar bizga tegishli x86 arxitekturasi emulyasiyasidan bizning ruxsatimizsiz foydalanishlari mumkinligi to‘g‘risida yangiliklar mavjud, – deydi Intel bosh yuristi. – Patentlarimizning noqonuniy buzilishini biz ma’qullamaymiz va boshqa kompaniyalar Intel’ning intellektual mulkiga bo‘lgan huquqlarini hurmat qilishda davom etishlaridan umid qilamiz».

8086 arxitekturasi 1978 yilning 8 iyunida ishlab chiqilgan edi. Oradan o‘tgan 39 yil davomida unga ma’lumotlar darajasidagi SIMD-parallelizm, mediakontent SSE-renderingi qo‘shildi, xavfsizlik darajasi oshirildi. Intel hozirgacha 1600 tacha patentga egalik qiladi, ular yordamida kompaniya o‘z huquqini talab qilib, bu borada adolatni tiklashi mumkin.

Shuningdek, Intel patent jangi yordamida Transmeta kompaniyasini «yo‘q qilish»ga erishganini ham eslatib o‘tdi. O‘z vaqtida bu kompaniya ham emulyasiyadan foydalangan holda x86-protsessor ishlab chiqqan edi.

Ammo masalaning yana bir jihati bor: Qualcomm bu sizga Transmeta emas, deyiladi xabarda. Mazkur kompaniyaning ham yaxshi yuristlari bor va ular «Snapdragon asosida Windows» loyihasi ustida ish boshlanishidan avval o‘z maslahatlarini berishgan bo‘lsa kerak.

Nima bo‘lganda ham, buyog‘iga jarayon qanday tus olishi hozircha noma’lum. Balki Qualcomm yirik miqdorda jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelar, yoki Snapdragon protsessorli Windows-noutbuklar savdosidan tushadigan daromaddan Intel’ga foiz berib turadigan bo‘lar. Buni hali vaqt ko‘rsatadi, voqealar rivojidan boxabar bo‘lib turish uchun esa bizdan uzoqlashmang.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!