Quvvati eng ko‘pga yetadigan 2017 yil flagmanlari

  •   DiMaX
  •  2966
  •  21.12.2017 11:54

Quvvati eng ko‘pga yetadigan 2017 yil flagmanlari

Yakuniga yetayotgan yilda turli smartfonsozlar tomonidan taqdim etilgan flagmanlarni o‘zaro solishtirib, PhoneArena sayti ulardan qay birining akkumulyatori eng ko‘p vaqtga dosh berishini tekshirib ko‘rdi.

Garchi mazkur nashr jurnalistlari avval ham shunga o‘xshash test o‘tkazgan bo‘lsalar-da, bu galgi sinov natijalari undan sal farq qiladi.

O‘QING: Flagmanlar orasida qay birining batareyasi eng ko‘p vaqtga yetadi?

Yangi sinov natijalariga ko‘ra, joriy yilning yozida taqdim etilgan Galaxy S8 Active bu borada yetakchilikni qo‘lga kiritgan. PhoneArena tajribasi davomida koreyalik gigantning himoyalangan flagmani batareyasining bitta to‘la quvvati bilan deyarli 11 soat ishlab berdi! Samsung o‘z smartfonida bu darajadagi yuksak avtonomlikka 4000 mA/soat sig‘imga ega akkumulyator orqali erishgan. Afsuski, Samsung Galaxy S8 Active faqat AQShda va faqat AT&T mobil aloqa operatori tomonidan sotuvga chiqariladi. Narxi ham chakki emas – $850 dollarga tushadi.

Ikkinchi o‘rinni esa janubiy koreyalik gigantning «ashaddiy raqibi» – kupertinolik korporatsiya tomonidan ishlab chiqarilgan iPhone 8 Plus modeli egalladi. Uning avtonomligi 10 soatu 35 daqiqa muddatni tashkil etdi. Ko‘rinib turibdiki, bu ham juda a’lo natija bo‘lib, Apple bunga apparat va dasturiy ta’minotni optimallashtirish orqali erishgan. Axir, 2675 mA/soat sig‘imli akkumulyatorning quvvatini bu qadar uzoq vaqtga yetkazishning o‘zi bo‘lmaydi-da!

Garchi kupertinolik gigantning fabletidan yirik farq bilan bo‘lsa-da, uchinchi o‘rin LG V30 smartfoniga nasib etgan. Ushbu gadjet akkumulyatorini bitta to‘ldirish bilan 9 soatu 34 daqiqa uzluksiz ishlay olgan. Qizig‘i shundaki, LG kompaniyasining G turkumidagi so‘nggi flagman – G6 modeli bitta to‘ldirilgan batareya bilan atigi 6 soatu 6 daqiqagina ishlay olgan, xolos.

O‘QING: Romsiz Oukitel K10 eng sig‘imdor – naq 11000 mA/soatlik akkumulyatorga ega! (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!