Radar va kameralar o‘rnatish joylari sotuvga qo‘yila boshladi
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida 2021 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish huquqi berilgan. Yo‘lga radar va kamera o‘rnatgan tadbirkor YHQ buzilishini aniqlaganligi uchun qancha haq olishi ham ma’lum bo‘lgan.
O‘QING: Feyklarga aldanmang: Toshkent ko‘chalaridagi uch oyoqli kameralar nimalarni kuzatmoqda?
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 21 apreldagi 232-son qarori asosida radar va kameralar o‘rnatish joylari «E-auksion» savdo maydonchasi orqali sotilishi belgilangan edi. Ushbu qarorga asosan onlayn-auksionlar Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan Reglament asosida tashkil etiladi, deyiladi YHXBB xabarida.
Ob’yekt onlayn-auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorga mulk huquqi asosida cheklanmagan muddatga, boshqa tadbirkorlarga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi. Lotning joy dislokatsiyasi, hududdagi transport oqimi va oxirgi 2 yilda aniqlangan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi.
Hozirda:
- Xorazm viloyati, Bog‘ot tumanida radar va kameralar o‘rnatish huquqi savdoga chiqarildi. Ushbu lotda 4 ta intelektual videokamera va 2 ta statsionar radar o‘rnatilishi belgilangan;
- Xorazm viloyati, Xiva shahrida radar va kameralar o‘rnatish huquqi savdoga chiqarildi. Ushbu lotda 4 ta intelektual videokamera va 1 ta statsionar radar o‘rnatilishi belgilangan;
- Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida radar va kameralar o‘rnatish huquqi savdoga chiqarildi. Ushbu lotda 1 ta intelektual videokamera va 1 ta statsionar radar o‘rnatilishi belgilangan.
Yaqin fursatlarda boshqa hududlardan ham bu singari huquqlarning savdoga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
O‘QING: TAYYoR TURING: endi telefonda tasvirga olingan qoidabuzarliklar uchun ham jarima solinadi!