Ramazonda 40 kun Chilla yohud «Digital Detox»
Tarki odat – amri mahol
Onlayn hayotimizni qanday tartiblash mumkin? Demak, bugundan boshlab to Hayit kunigacha chilla deb belgilaymiz va shu 40 kun davomida:
- Dijital uzlatga chekinamiz. 40 kun jismoniy parhez va ro‘za bilan birga aqliy parhezga ham rioya qilaylik. Miyamiz nima iste’mol qilayotganiga ahamiyat beraylik.
- Feysbuk, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarga kirmaymiz. Iloji bo‘lsa, butunlay akkauntingizni o‘chirib tashlang. Iloji bo‘lmasa, shu kunlar umuman kirmaslikka harakat qiling (hatto shaxsiy xatlarni tekshirish uchun ham). Muloqotni sog‘insangiz, real hayotdagi do‘stlaringiz bilan uchrashing.
- Dijital detoksifikatsiya boshlanishi uchun miyani doimiy ozuqadan mahrum qilish kerak. Iloji bo‘lsa, chilla vaqtida Internetga umuman kirmang. Iloji bo‘lmasa, Internetdan ongli foydalaning va vaqtini cheklang. Internetdan nima olmoqchi ekanligingizni avval qog‘ozga yozing, keyin Internetni yoqing, kerakli narsani oling va o‘chiring.
- Telegram, FB Messenjer, Vatsap, Clash of Kings va hokazo smartfondagi barcha ilovalar va o‘yinlarni o‘chirib tashlang. Apparatni faqat qo‘ng‘iroq qilish va sms yozish uchun ishlating.
- Yangilik, xabarlar saytlarini kompyuterda ham, telefonda ham o‘qimang. Daryodan boshlab, New Yorker’gacha bo‘lgan saytlarga taqiq qo‘yiladi. 40 kun ichida dunyoga hech narsa qilmaydi, havotir olmang. Haqiqatdan ham olamshumul voqea sodir bo‘lsa, do‘stlaringizdan bilasiz.
- TV/Radio yoqilmaydi. Baribir, ularda ko‘radigan, eshitadigan hech narsa yo‘q.
- Musiqa/kinofilmlardan voz kechib turing. Ayniqsa, o‘zbekchasidan. Turgan-bitgani zarar va miyani primitivlashtirib yuboradi.