Realme 11 seriyasining taqdimot sanasi rasman e'lon qilindi

Realme 11 seriyasining taqdimot sanasi rasman e'lon qilindi

Realme o'zining bu yilgi flagman smartfonlarini may oyida taqdim qilishini allaqachon ma'lum qilgan edi. Endi esa bunga yanada aniqlik kiritildi – Realme 11 smartfonlari rasman qachon taqdim qilinishini ma'lum bo'ldi.

Kompaniyaning Weibo sahifasida ulashilgan tizer posterga ko'ra Realme 11 seriyasi rasman 10-may kuni Xitoyda taqdim qilinadi. Qatorda uchta: Realme 11, Realme 11 Pro va Realme 11 Pro+ modellari bo'lishi kutilmoqda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Realme 11 smartfonlarining ikki Pro modellari yon tomonlari qayrilgan displeyga ega bo'lishadi va ularning selfi kameralari ekran yuqori markazida joylashgan bo'ladi. Oddiy modelga kelsak, u tekis ekran va shu ekran chap yuqori burchagiga o'rnatilgan selfi kamera bilan ta'minlanadi. 

Avvalroq Internetda Realme 11 Pro+ ekanligi aytilayotgan smartfonning jonli suratlari tarqalgan edi. Tarqatilgan suratlardan smartfon orqa tomonida yumaloq kamera oroliga ega bo'lishini ko'rish mumkin va bu smartfonning TENAA sertfikatidagi renderlari bilan mos keladi. Aytish kerakki, Realme 11 seriyasidagi uchchala modellar ham xuddi shunday kamera oroliga ega bo'lishadi, faqat ular bir-birlaridan kamera xususiyatlarida farq qiladi.

Qo'shimchasiga shuni aytish mumkin, Realme 11 Pro+ orqa tomoni charm bilan qoplanadi va uning o'rtasiga uzun chok, ya'ni ip bilan tikilgan liniya tushiriladi. Qolaversa, u Samsung Galaxy S Ultra smartfonlari kabi yuqori sifatli Oy suratlarini olish qobilyatiga ega bo'lishi aytilmoqda.

Realme 11 seriyasi 10-may kuni Xitoyda taqdim qilinadi. Global taqdimot qachon bo'lishi hozircha noma'lum, lekin keyinchalik bo'lishi aniq.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!