Ronaldu reklama qilgan ZTE Nubia Z17 mini 56 sekundda 50 ming dona sotildi

Ronaldu reklama qilgan ZTE Nubia Z17 mini 56 sekundda 50 ming dona  sotildi

6 aprel kuni Xitoyning ZTE kompaniyasi 5.2 dyuymli Nubia Z17 mini nomli yangi smartfonni taqdim qilgan edi. Bosh kamerasi qo‘sh ob’yektivli bo‘lgan smartfonning ilk partiyasi 12 aprel kuni Xitoyda sotuvga chiqarilgan va ZTE bir daqiqaga yetar-yetmas vaqt ichida yangi smartfonni sotishga muvaffaq bo‘lgan.

Devaysning bu qadar ommalashib ketishi uning taniqli futbolchi Krishtianu Ronaldu tomonidan reklama qilingani bilan ham bog‘liq. “Hozirgina @nubia smartfonida surat olib ko‘rdim. Qo‘sh-modulli bosh kameraning suratga olishi juda taassurotli! Flagmanning 6 apreldagi taqdimotini sabrsizlik bilan kutyapman”, deb yozgan edi futbolchi o‘zining Instagram sahifasida 30 mart kuni.

Aniqrog‘i, 56 sekund orasida 50 ming dona ZTE Nubia Z17 mini sotilgan va bu ZTE’ga 14,5 million dollar daromad keltirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nubia Z17 mini “aqlli telefon”ining eng qimmat talqini 290 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan.

ZTE Nubia Z17 mini gadjeti Nubia turkumining boshqa smartfonlaridan farqli ravishda Xitoydan tashqarida ham may oyidan boshlab sotiladi.

Eslatib o‘tamiz, ZTE Nubia Z17 mini’da 2 ta 13 megapikselli sensordan iborat bosh kamera, 16 megapikselli old kamera, 5.2 dyuymli Full HD displey, 64 GB doimiy xotira va barmoq izlari skaneri, 2930 mA soat sig‘imli akkumulyator mavjud.

ZTE Nubia Z17 mini’ning kichik versiyasi 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 652 hamda 4 GB “operativka”, yuqori talqinida esa – Qualcomm Snapdragon 653 chipi hamda 6 GB tezkor xotira o‘rnatilgan. Smartfondagi xotirani microSD orqali kengaytirish mumkin. Kichkina talqin 246 AQSh dollaridan savdoga chiqarilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!