Rus telekanallarining birida neyron tarmoq tomonidan yaratilgan virtual ob-havo ma'lumotchisi ish boshladi

Rus telekanallarining birida neyron tarmoq tomonidan yaratilgan virtual ob-havo ma'lumotchisi ish boshladi

Sun'iy intellekt va ilg'or texnologiyalarning kundan-kunga rivojlanib borishi bilan birga ularning hayotimizga integratsiyalashuvi reallik va virtuallik o'rtasidagi chegaralarni tobora xiralashtirmoqda. Biz shu darajaga yetib keldikki, bugungi kunda Internetda ko'rib turgan surat yoki videoyingiz qanchalik haqiqiy ko'rinmasin u neyron tarmog'i tomonidan yaratilgan bo'lib chiqmoqda. Ana shunday sizni "qanday qilib buni neyron tarmoq yaratgan bo'lishi mumkin?" deya o'ylantirib qo'yadigan holat endilikda Rossiya telekanallarining birida sodir bo'lmoqda.

Rossiyaning SvoeTV deb nomlanuvchi telekanalida Snejana Tumanova ob-havo ma'lumotlari bilan tanishtiruvchi sifatida ish boshladi. Qizig'i shundaki, u haqiqiy ayol emas. Snejana bir nechta neyron tarmoqlar yig'indisi hisoblanadi. Ularning biri virtual qahramonimizning o'zi bo'lsa, yana bir dastur uchun matn tayyorlaydi, boshqasi grafik ishlar bilan shug'ullanadi.

Snejana olib boradigan dastur nomi ham zamonaviy: "Kelajak prognozi". Unda Snejana sizni ob-havo ma'lumotlari bilan tanishtiradi. Uning gapirishidan uning haqiqiy emasligini sezish mumkin, shu bilan birga, dastur boshlanishida u o'zinig neyron tarmoq tomonidan yaratilganligini aytib o'tadi.

"Men kasal bo'lmayman, ta'tilga chiqmayman va tushlik uchun tanaffusga muhtoj emasman", – deydi Snejana Tumanova.

SvoeTV o'zining virtual ishchisini "shuhratparast va insoniy raqobatchilarni to'liq almashtirishni maqsad qilgan"ligini ta'kidlaydi. Biroq, telekanal rahbariyati hozircha haqiqiy shaxs bilan olib boriladigan ob-havo dasturidan voz kechmoqchi emas.

Ta'kidlash joizki, bu biz birinchi marta virtual boshlovchini ko'rishimiz emas. Tinib-tinchimagan xitoyliklar allaqachon o'zlarining yangiliklarini mana shunday virtual boshlovchilar bilan olib borishni boshlab yuborishgan.