Samsung dunyodagi ilk cho‘ziluvchan OLED-displeyni taqdim etadi

  •   DiMaX
  •  956
  •  22.05.2017 15:23

Samsung dunyodagi ilk cho‘ziluvchan OLED-displeyni taqdim etadi

Innovatsion g‘oyalar bo‘yicha yetakchilikka intilayotgan Samsung Display muhandislari qayishqoq OLED-panellar bilan cheklanib qolishmayapti. Shu haftada Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Display Week 2017 ko‘rgazmasida ular dunyoda birinchi cho‘ziluvchan displeyni namoyish etishmoqchi, deb yozadi Yonhap.

Haqiqiy 3D Touch

Xabarda aytilishicha, tadbirda diagonali 9.1 dyuymlik OLED-ekran namoyish etiladi. Mazkur «rezinasimon» panel barmoq bilan bosilganida 12 millimetrgacha cho‘zila oladi va bunda undagi tasvir o‘zining yuqori sifatini aslo yo‘qotmaydi.

Samsung Display’dan ta’kidlashlaricha, bunday displeylar «buyumlar interneti» qurilmalarida, shuningdek, sun’iy intellekt bilan bog‘liq sohalarda qo‘llanishi mumkin. Hali kompaniya bu borada biror aniq misol ayta olmagan bo‘lsa-da, mazkur iddaolar asosli. Balki, qolgan tafsilotlar ko‘rgazma davomida qilinadigan taqdimotda oshkor etilsa kerak.

Display Week 2017 tadbiri 23–25 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Qachon chiqar ekan?

The Investor nashri Samsung’ning egiluvchan – qayishqoq qurilmalarining chiqish muddati borasida ekspertlar fikri bilan qiziqib ko‘rdi.

Tahlilchilarning hisoblashlaricha, kompaniyaning eng dastlabki marralari orasida yetakchisi – romsiz dizaynga ega smartfonlardir. Bukiluvchi ekranli qurilmalar esa 2019 yildan avval chiqmasa kerak.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!