Samsung Galaxy J2 (2018): jihat va suratlari tarqalib ketdi

Samsung Galaxy J2 (2018): jihat va suratlari tarqalib ketdi

2017 yilning adog‘iga kelib, smartfon bozoridagi yangiliklar oqimi tezlashib, kuchli raqobat yaqqol sezilib qoldi. Jumladan, yosh ishlab chiqaruvchilarning arzon gadjet ishlab chiqarishga bo‘lgan rejalari yirik brendlarni ham hamyonbop turkumlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Jumladan, Samsung 2018 yil bozorga chiqadigan modellariga tartib bermoqda. A8 (2018) hamda A8+ (2018) taqdimotidan so‘ng internet tarmog‘ida Galaxy J2 (2018) ko‘rinish berdi.

Galaxy J2 (2018) jihatlari va dizaynida ayni paytda bozorda sotilayotgan 2017 yilgi modelga nisbatan katta o‘zgarish yuz bermagan.

Surat va ma’lumotlarga qaraganda, Galaxy J2 (2018) "SM-J250" raqami ostida taqdim qilinadi. Devays plastik korpusga joylanadi hamda 153 gramm tosh bosadi. Uning 5 dyuymli ekrani SuperAMOLED matritsali bo‘lib, piksel sig‘imi ham o‘ziga yarasha -- 960 x 540 belgiga teng. Galaxy A8 2018 modelidan farqli ravishda, Galaxy J2 (2018)'da 16:9 standartidagi displey saqlab qolingan. Shuningdek, old paneldagi bosh tugma ham o‘z o‘rnida.

Platforma samaradorligi uchun 4 yadroli Qualcomm Snapdragon 425 chipi (Cortex-A53, 1.4 Ggs), 1.5 GB tezkor va 16 GB doimiy xotira, qo‘shimcha xotira uchun microSD bo‘lmasi tanlangan.

Aloqa masalasida, Galaxy J2 (2018) 2 sim-kartali bo‘ladi va Cat.4 LTE aloqa tarmog‘ida sekundiga 150 MB ma’lumot almashish imkoniga ega. Unda Bluetooth 4.2 hamda 802.11n WLAN modullari ham o‘rnatilgan.

8 megapikselli bosh hamda 5 megapikselli old kameraning har ikkalasi fotochaqnoqqa ega bo‘lgan.

Galaxy J2 (2018)'da 2600 mA soat sig‘imli akkumulyator, quvvatlash uchun microUSB porti mavjud. Smartfon qadoqdayoq Android 7.1.1 Nougat'da faoliyat ko‘rsatadi.

Devaysning keyingi haftada taqdim qilinishi kutilmoqda. Uning narxi ham jihatlaridan kelib chiqib, 130 AQSh dollarini tashkil qilishi taxmin qilinmoqda.

Ekspertlar fikricha, yuqoridagi jihatlarga ega Samsung Galaxy J modeli Xiaomi kabi bozorbop va hamyonbop smartfonlar ishlab chiqaruvchi smartfonsozlar bilan raqobatga dosh bera olmaydi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!