Samsung Galaxy J3 (2016) – AMOLED ekran, qulay ergonomik dizayn

Samsung Galaxy J3 (2016) – AMOLED ekran, qulay ergonomik dizayn

So‘nggi yillarda xitoylik brendlarning arzon smartfon ishlab chiqarib, jahon bozorini asta-sekin egallab borayotgani hech kimga sir emas. Shubhasiz, bunday holat smartfon sanoatining yirik kompaniyalarini tashvishga soladi va ular ham arzon qurilmalar tayyorlayotgan xitoylik shovvozlarga qarshi kurashish maqsadida turli yangi gadjetlarni yaratishni boshlaydilar.

Misol uchun, mana shunday firmalar qatoriga ikkilanmay Samsung kompaniyasini qo‘shish mumkin. Agar Janubiy Koreya texnologiya giganti avvalroq faqat TFT ekranli va past aniqlikdagi kameraga ega bo‘lgan arzon modellarni ishlab chiqargan bo‘lsa, oxirgi ikki yil davomida kompaniya o‘zining mazkur yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Aniqrog‘i, Xitoy firmalari uni shunday yo‘nalish tanlashga majbur qilishdi. Natijada Samsung yaxshi texnik parametrlarga ega va bir vaqtning o‘zida arzon narxda taklif etiladigan Xitoy telefonlariga qarshi o‘laroq, Galaxy J seriyasini ishlab chiqdi.

Samsung Galaxy J seriyasidagi modellar, eng avvalo, hamyonbop narxi va nisbatan yuqori texnik parametrlari bilan ajralib turadi. Birinchi navbatda, seriyadagi smartfonlarning AMOLED displey bilan ta’minlanganini e’tirof etish zarur. AMOLED texnologiyasidagi displeylar faqat Samsung’ga qarashli ekanligi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. Bunday turdagi ekran matritsasi ranglarni bir muncha tiniqroq aks ettirishi va kam quvvat iste’mol qilishi bilan farqlanadi.

Bugun biz ushbu seriyadagi so‘nggi modellardan biri bo‘lgan Samsung Galaxy J3 (2016) to‘g‘risida so‘z yuritamiz. Model O‘zbekistonda ham o‘zining yetarli muxlislariga ega hamda eng ko‘p sotiladigan qurilmalardan hisoblanadi.

Dizayn va korpus

Dizayn jihatidan Samsung Galaxy J3 (2016) o‘tgan yilda chiqarilgan seriyadagi modellardan biroz farqlansa-da, unda J turkumidagi tendensiya saqlanib qolgan. Gadjet plastikdan ishlangan, atrofidagi ramkalari kumushrang metall ko‘rinishiga ega. Albatta, bunday arzon narxda taklif etiladigan smartfondan metall korpus yoki ramkani talab qilish biroz noo‘rin.

Korpusdagi batareyani yechish mumkin. U soft-tach plastikdan qilinganligi bois ko‘ldan toyib ketmaydi. Gabaritlari: 71 x 142.3 x 7.9 mm, og‘irligi — 138 g.

20161106_152820

20161106_152829 20161106_152808

An’anaviy Home tugmasi old tomonning quyi qismida joylashgan. Quvvat va tovush balandligini boshqarishga mo‘ljallangan tugmalar o‘z o‘rnida. Old tarafda, shuningdek, frontal kamera va qo‘ng‘iroq karnayi ham o‘rin olgan.

20161106_152814

20161106_152833

20161106_152907

Orqa tarafda asosiy kamera, chaqnoq va dinamik joylashgan. Modelning ergonomikasi yaxshi, foydalanish qulay, qo‘lda yaxshi his etiladi.

Ekran

Samsung Galaxy J3 (2016) modeliga 5 dyuymli Super AMOLED ekran o‘rnatilgan. Ekran old panelning 68,2 foizini egallaydi, HD (720x1280) aniqligida, dyuymdagi piksellar zichligi – 294 ta. Displey multitachni qo‘llab-quuvatlaydi, Asahi Drahotrail Glass texnologiyasi bilan himoyalangan.

Ranglarni tabiiy ottenkaga ancha yaqin namoyish qiladi, batareya quvvatini boshqa ekran turlariga qaraganda sezilarli darajada kam sarf etadi.

Screenshot_2015-01-01-06-17-23 Screenshot_2015-01-01-06-18-03

Kamera

Model arzon narxli smartfonlar segmentiga mo‘ljallangani bois unga 8 MPli asosiy kamera o‘rnatilgan. Biroq kamera uchun chaqnoq ko‘zda tutilgan va u avtofokus funksiyasiga ega. Kamera interfeysida bir qator tasvir effektlari mavjud. Shuningdek, tajribali foydalanuvchilar Pro rejimi ham taklif etilgan. Mazkur rejimda ISO ko‘rsatkichi, oq rang balansi va ekspokorreksiya sozlamalarini qo‘lda sozlash mumkin. Bundan tashqari, kam yoritilgan sharoitda ham nisbatan sifatli suratlar olishga yordam beradigan HDR funksiya ham qo‘shilgan.

Screenshot_2015-01-01-00-42-31 Screenshot_2015-01-01-00-42-39

Videoning maksimum aniqligi Full HD formatida bo‘lib, kadrlar chastotasi 30 FPS.

Asosiy kamera yetarli yoritilgan sharoitda bir muncha sifatli kadrlarni tushira oladi.

Old kameraning aniqlik darajasi – 5 MP. U ko‘plab parametrlar bo‘yicha asosiy kamerada orqada. Biroq ushbu kamera yordamida yetarli darajada sifatli selfilarni tasvirga tushirsa bo‘ladi. Old kameraga ham bir nechta rasm effektlarini qo‘llash mumkin.

Model kamerasidan olingan rasmlar:

Protsessor

SM-J320F versiyasi (bizdagi) 4 ta Cortex A7 yadrosi bilan ta’minlangan Spreadtrum SC9830 protsessorida ishlaydi. Ishlash chastotasi – 1,5 GGs. Protsessorga Mali-400 MP4 grafik chipi o‘rnatilgan.

Xuddi shunday tipdagi protsessor 4G  tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydigan SM-J320H modeliga ham joylangan. Garchi protsessorning parametrlari unchalik yuqori bo‘lmasa-da, modelning ishlashida hech qanday muammo mavjud emas. Albatta, unga yirik hajmli va kuchli grafikali o‘yinlarni o‘rnatish maqsadga muvofiq emas. Biroq gadjetda o‘rtacha va yengil o‘yinlarni o‘ynasa bo‘ladi.

Xotira

Qurilmaning doimiy xotira sig‘imi 8 GB tashkil qiladi. Biroq ushbu sig‘imning bir qismi tizim fayllari bilan band qilingan. Xotiraning qolgan sig‘imiga kerakli ilovalarni o‘rnatish mumkin. Biroq doimiy xotirani  microSD yordamida 128 GBgacha kengaytirish imkoniyati mavjud.

Screenshot_2015-01-01-05-44-20 Screenshot_2015-01-01-05-52-28

Operativ xotira haqida gapiradigan bo‘lsak, odatda, hamyonbop modellargan 1 GB tezkor xotira o‘rnatiladi. Samsung Galaxy J3 (2016) esa 1,5 GB operativ xotiraga ega. Bu ko‘rsatkich o‘rtahol smartfonlar uchun yomon emas. Smartfon bir nechta ilovalar bilan ham tekis ishlay oladi.

Akkumulyator

Batareyaning sig‘imi 2600 mA/soat. Ushbu sig‘im smartfondan bir kun mobaynida o‘rtacha faollikda foydalanishga kifoya qiladi. Agar smartfon ancha faol rejimda (tinimsiz internet, video, kamera va o‘yin) ishlatilsa, batareyaning quvvati taxminan 6 soatga yetishi mumkin.

Screenshot_2015-01-01-05-58-32 Screenshot_2015-01-01-05-58-49

Quvvat kam qolgan holatlar va quvvatni tejash uchun modelda batareya sarfini tejash va ultra quvvat tejash rejimlari ko‘zda tutilgan. Ultra energiya tejash rejimi yoqilganda, faqat muayyan ilovalardan foydalanish mumkin, xolos. Biroq avtonom ishlash vaqti bu orqali ancha uzayadi.

Kommunikatsiya va dastur

Bizning qo‘l ostimizda bo‘lgan SM-J320F modeli  2G/3G/4G tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatadi. Navigatsiya sensorlaridan GPS/GLONASS qo‘llab-quvvatlanadi. Simsiz fayl uzatilishi uchun Bluetooth 4.0 va bir diapazonli Wi-Fi moduli javob beradi. Shuningdek, modeldagi MicroUSB sloti OTG funksiyaga ega bo‘lib, uning yordamida tashqi qurilmalarni (masaln fleshka) smartfonga ulash mumkin.

Screenshot_2015-01-01-06-07-17 Screenshot_2015-01-01-06-07-28

Model TouchWiz interfeysidagi Android 5.1 versiyasida ishlaydi. Qurilmaga bir qator Samsung va Microsoft’ga qarashli ilovalar o‘rnatilgan. Aytmoqchi, model foydalanuvchilariga Microsoft OneDrive serveridagi 100 GB onlayn xotiradan bepul foydalanish imkoniyati ham taqdim etiladi. Darvoqe, Smart Manager ilovasi smartfon dasturini avtomatik ravishda optimallashtirishga xizmat qiladi.

Xulosa

Samsung Galaxy J3 (2016) gadjetida, eng avvalo, sifatli ekranni e’tirof etish kerak. Super AMOLED texnologiyasidagi matritsa boshqa tipdagi matritsalarga qaraganda ranglarni tiniqroq ko‘rsatadi hamda batareya quvvatini nisbatan kamroq sarflaydi. Shu bilan birga, model 4G aloqasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ergonomik dizaynga ega, foydalanish qulay. Kamerasining aniqligi uncha yuqori bo‘lmasa-da, yaxshi yoritilgan sharoitlarda bir qadar sifatli rasmlar olish mumkin. HDR va Pro rejimlari tasvir sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Bir qator ijobiy parametrlarga qaramasdan, qurilma kamchilikdardan xoli emas. Galaxy J3 (2016) korpusi butunlay plastikdan ishlangan (bu esa korpusning barqarorligiga ta’sir qiladi), protsessori kutilgan darajada kuchli emas. Bundan tashqari, doimiy xotiraning kamligi ham biroz noqulaylik tug‘diradi. Modelga boshqa vendorlarning ilovalari oldindan o‘rnatilgan, vaholanki ularni Google Play’dan yuklab olish mumkin.

Umuman olganda, model o‘z narxi segmentidagi talablarga javob beradi. Ushbu narxga xitoylik ishlab chiqaruvchilarning bir qadar kuchliroq smartfonlarini xarid qilish mumkin. Biroq mahsulotga beriladigan kafolat xizmatini tekshirish lozim. Sababi agar mamlakatimizda ularning servis markazlari faoliyat ko‘rsatmasa, keyinchalik mazkur qurilmalarni ta’mirlatish muammo bo‘lishi mumkin. Samsung esa O‘zbekistonda o‘z mahsulotlariga sifatli kafolat xizmati ko‘rsatishi ko‘pchilikka ma’lum.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

toptop.uz 973 000 cўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!