Samsung Galaxy S8’ning barcha sirlari ochildi!

  •   DiMaX
  •  1734
  •  08.02.2017 16:27

Samsung Galaxy S8’ning barcha sirlari ochildi!

Samsung, tabiiyki, yangi – Galaxy S8 modelli smartfoni haqidagi ma’lumotlarni oshkor etishdan saqlanib turibdi – ular taqdimot marosimida o‘ziga xos kayfiyat yaratishi, hammani lol qoldirishi kerak, axir. Ammo yangi qurilma haqida turli xabarlar chiqishdan to‘xtamayapti, yana fotosuratlari bilan!

«Home»siz telefonmi?

Xitoy ijtimoiy tarmog‘i – Weibo’da joylangan rasmlarda kutilayotgan smartfonning old yuzasi pastki qismini namoyish etilgan. Aftidan, bu ma’lumot ishonchliga, suratdagi qurilma chindan ham Samsung Galaxy S8’ga o‘xshayapti.

Fotosuratlarda gadjetning qayrilma displeyi va pastki qismini ko‘rishimiz mumkin. Ular Samsung Galaxy S7 Edge’nikiga juda o‘xshash – pastki qismida quloqchin uchun port va dinamik tirqishchalari bor. Ammo u yerda yangi turdagi USB Type-C porti bu smartfonning S7 Edge emasligini ko‘rsatadi, chunki unda faqat Micro USB porti bor.

Ekran smartfon old qismining katta qismini egallagan, ammo uning pastida faqat ensizgina bort ko‘rinadi, aftidan, unda «Uyga» («Domoy»/«Home») tugmachasi yo‘q! Demak, bundan avvalroq tarqalgan – Samsung Galaxy S8’da barmoq izi skaneri orqa panelda joylashtirilishi haqidagi xabar rostga o‘xshayapti.

Barcha sirlari ayon

Yangi smartfonning tarqalayotgan suratlaridagi bu konsepsiya rasmiy bo‘lmasa-da, haqiqiyga juda yaqin. Tag‘in, bu ma’lumotlarni @OnLeaks – mobil biznesning ancha nufuzli manbalaridan biri tarqatgan.

Rasmlarda Samsung’ning Galaxy S8 va Galaxy S8 Plus modellari namoyish etilmoqda. Ularda «Home» tugmachasi yo‘q, ekran old yuzani deyarli to‘liq qoplagan. Ekranning tepasida ko‘z yoy pardasi skaneri va 8 megapikselli old kamera joylashgan.

Smartfonning chap tomonidan qurilmani o‘chirish-yoqish hamda ovozni ko‘tarish/pasaytirish tugmachalari joy olgan. O‘ng tomonidagi qo‘shimcha tugmacha esa Samsung ovozli yordamchisini ishga tushirishga xizmat qiladi, deya taxmin bildirishmoqda.

Orqa paneli atrofida shisha panel, yuqori qismida 12 megapikselli kamera va barmoq izi skaneri joylashgan.

Rasmlardan xulosa qilinsa, Galaxy S8 o‘lchamlari 148,9 x 68 x 8 mm.ga teng bo‘lishi ehtimoli yuqori, bu esa 142,4 x 69,6 x 7,9 mm o‘lchamli Galaxy S7 modelidan salgina katta, xolos.

Galaxy S8 Plus modelining 5,7 yoki 5,8 dyuymli diagonalga ega ekrani bo‘lsa-da, o‘lchamlari 159 x 74 x 8 mm.ni tashkil etadi. Demak, u 150,9 x 72,6 x 7,7 mm o‘lchamli Galaxy S7 Edge modelidan kattaroq, balki ekrani diagonali 6,1 yoki 6,2 dyuymga teng bo‘lishi ham mumkin.

Qurilmaning boshqa xususiyatlariga kelsak: akkumulyator Galaxy S8’da 3250, Galaxy S8 Plus’da esa 3750 mA/s sig‘imga ega. Har ikkalasida ham batareya o‘tgan yilgisidan kattaroq. Qolgan xarakteristikalari oldingi sizib chiqqan xabarlardagidek: Snapdragon 835 yoki Exynos 8895 (hududga qarab) protsessori va 4 / 6 GB tezkor xotirasi mavjud.

Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi, ammo mazkur yangi smartfonlarning haqiqiy xususiyatlarini rasmiy taqdimot bo‘lgachgina aniq bilib olamiz endi. Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun hamisha biz bilan qoling!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!