Samsung Galaxy S8’ning narxi ma’lum qilindi

Samsung Galaxy S8’ning narxi ma’lum qilindi

Internet tarmog‘idagi bir qator axborot texnologiyalari nashrlari tomonidan Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi taqdim etishni reja qilayotgan navbatdagi Galaxy S8’ning qimmatbaho smartfonlar qatoridan joy olishi to‘g‘risida xabarlar e’lon qilinmoqda. Unga ko‘ra, kompaniya bu “aqlli telefon”ning boshlang‘ich talqini uchun 885 AQSh dollari, yuqori talqini uchun 943 dollar so‘raydi. Koreya Respublikasi va Xitoyda mazkur gadjetning 6 GB operativ xotira hamda 64 GB yoki 128 GB qo‘shimcha xotiraga ega talqini sotiladi. Yevropa hamda jahonning boshqa smartfon bozorlarida 4 GB tezkor va 64 GB qo‘shimcha xotiraga ega Samsung Galaxy S8 sotiladi.

Ekspertlarning fikricha, Samsung Galaxy S8 ikki versiyada ishlab chiqariladi, ya’ni 5,8 dyuymli hamda 6,2 dyuymli displeyga ega talqinlarda. Har ikkala talqin ikki yonga qayrilgan AMOLED turidagi displeyga ega bo‘ladi. Ular Quad HD (2560 x 1440 pikselli) sig‘imli bo‘lib, 3D Touch funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ya’ni, ekran barmoqning zarbiga ko‘ra, muayyan buyruqni amalga oshiradi.

Samsung Galaxy S8 ekran quyisidagi markaziy “Home” tugmasidan “mahrum” qilingan. Mazkur tugmaga smartfonning orqa panelidan, kamera tuynugi qatoridan joy ajratilgan. Unda barmoq izlari skaneri joylashtirilgan.

Samsung Galaxy S8 12 Mp bosh, 8 Mp old kameralarga ega. Ularning aperturasi, ya’ni yorug‘lik o‘tkazuvchi diafragma hajmi f1.7. Selfi kamerasi bilan yonma-yon joylashgan sensor ko‘zning rangdor pardasini skaner qiladi. Mazkur funksiya Galaxy Note 7’da ham tatbiq qilingan edi. Orqa kamera OCR, belgilarni optik tushunish texnologiyasiga ega. Ya’ni, bu texnologiya yordamida belgi, surat yoki hujjatlarni tahriri qilish uchun so‘zlarga aylantirish mumkin.

Shuningdek, Samsung Galaxy S8 smartfonida Bixby nomli sun’iy aql yordamchisi joriy qilinadi va uni ovoz yordamida boshqarish mumkin. “Aqlli telefon”da USB Type-C va an’anaviy 3,5-mm.li portlar mavjud bo‘ladi.

Apparatning “yuragi” bo‘lib Qualcomm Snapdragon 835 yoki Samsung Exynos (smartfon sotiladigan hududdan kelib chiqib) protsessorlari xizmat qiladi. Devaysda microSD xotirani kengaytirish bo‘lmachasi ham bo‘ladi. Smartfon akkumulyatori talqinidan kelib chiqib, 3000 hamda 3500 mA soat bo‘ladi. Samsung Galaxy S8’ning suv hamda chang ta’siriga bardoshli bo‘lishi kutilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!