Samsung Galaxy S8 taqdimoti vaqtini ma’lum qiladi

Samsung Galaxy S8 taqdimoti vaqtini ma’lum qiladi

Samsung Electronics kompaniyasi joriy yilning 27 fevral — 2 mart kunlari Barselonada bo‘lib o‘tadigan MWC-2017 Jahon Mobil Kongressining birinchi kunida o‘zining navbatdagi Samsung Galaxy S8 flagmanining taqdimoti bilan bog‘liq rasmiy ma’lumotni e’lon qiladi. Bu to‘g‘rida jurnalistlarga Samsung’ning mobil vositalar bo‘yicha bo‘linmasi boshlig‘i Koh Don Jin xabar bergan.

Eslatib o‘tamiz, Samsung ko‘rgazmadan bir kun avval, ya’ni 26 fevralda taqdimot o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu taqdimotda kompaniya boshqa axborot texnologiyalari mahsulotlarini namoyish qilish qatorida Galaxy S8 to‘g‘risida ma’lumot beruvchi qisqa videoni ham e’lon qiladi.

Insayderlarning yozishlaricha, Samsung Galaxy S8 ikki talqinda — 5,8 dyuym va 6,2 dyuym diagonalli displeylarda ishlab chiqariladi. Har ikkala versiyada AMOLED turidagi ekrandan foydalaniladi. Ular ikki yonga qayrilgan ekranga ega bo‘lishadi. Ekranlarning tomonlar nisbati 18,5:9, sig‘imi esa Quad HD (2560 x 1440 piksel sig‘imi) bo‘ladi. Ekran 3D Touch funksiyasiga ega bo‘ladi. Ya’ni, u chertish zarbining darajasiga ko‘ra ham foydalanuvchidan buyruq qabul qiladi.

Ushbu Galaxy boshqalaridan old paneli bilan ajralib turadi. Ya’ni, uning old paneli tugmalardan tozalanib, bosh tugma orqadagi kamera qatoridan o‘rin egallagan. Bu tugmaga barmoq izlari skaneri o‘rnatilgan.

Samsung Galaxy S8 gadjeti 12 Mp sig‘imli bosh, 8 Mp old kamera bilan ta’minlanadi. Ularning yorug‘lik o‘tkazish aperturasining hajmi f1.7 bo‘ladi. Selfi kamera qatorida yana bir shaxsni tasdiqlaydigan sensor bo‘lib, u ko‘zning rangdor pardasini farqlay oladi. Bu skaner Galaxy Note 7’da ham tatbiq qilingan edi. Orqa kamera, shuningdek “vizual qidiruv” texnologiyasiga ega, ya’ni turli belgi va ramzlarni farqlay oladi.

Yangi flagmanning apparat ta’minoti Qualcomm Snapdragon 835 yoki Samsung Exynos 8895 protsessoriga ulangan. Uning tezkor xotirasi 4 yoki 6 GB bo‘ladi. Telefondagi 64 GB doimiy xotirani microSD fleshkasi orqali 256 GB.gacha kengaytirish mumkin. Smartfon akkumulyatori kichik talqinda 3250 mA soat, katta talqinda 3600 mA soat bo‘ladi. Ularda tezkor quvvat oldirish tizimi mavjud.

Samaradorlik uchun Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi mas’ul. “Aqlli telefon”lar chang va suvdan “qo‘rqmaydi”. Smartfon 4G LTE, ikki diapazonli Wi-Fi (ac/b/g/n), Wi-Fi Direct, Bluetooth, GPS, NFC aloqa tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Gadjetlarda 3,5 mm audio port saqlab qolingan. Shuningdek, korpusda USB Type-C porti ham mavjud.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S8’ning rasmiy taqdimoti 29 mart kuni Nyu-Yorkda bo‘lishi kutilmoqda. “Aqlli telefon” 24 aprel va 30 aprel oralig‘ida sotuvga chiqadi. Yevropada 5,8 dyuymli Samsung Galaxy S8 telefoni 799 dollar, 6,2 dyuymli versiyasi 899 yevrodan sotilishi xabar qilinmoqda. Ya’ni, u Samsung Galaxy S7 aloqa vositasidan 100 yevroga qimmatroq bo‘lishi mumkin.