Samsung Galaxy S9 bir jihati bilan jahonni hayratga solmoqchi

Samsung Galaxy S9 bir jihati bilan jahonni hayratga solmoqchi

2018 yilning yanvar holatida, surat olish sifati bo‘yicha jahonda Huawei Mate 10 Pro, Google Pixel 2 XL hamda Apple iPhone X eng yaxshi kamerafonlar hisoblanishadi. Ularning barchasi tasvirni sifatli muhrlashda boshlang‘ich narxdagi DSLR-kameralari bilan ham bahslasha oladilar. Shu bilan birga, yaqinda ular ham bu borada o‘z o‘rinlarini yo‘qotadigan ko‘rinadilar. Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S9 smartfoni fotografiya sifati bilan dunyoni lol qoldirmoqchi.

Kecha Samsung kompaniyasi jamoatchilik e’tiboriga Exynos 9810 flagman protsessorini rasman taqdim qildi. Bu chipset jihatlariga ko‘ra ayni paytda jahonda eng yetakchi ekani ekspertlar tomonidan ham aytilmoqda. Bu jihatlar qatorida uning smartfon kamerasiga beradigan imkoniyatini aytish joiz.

Xususan, mazkur "elektron yurak"ka ega gadjet kamerasi sekundiga 120 kadrdan iborat 4K UHD sig‘imli video tasvirga olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu borada hozircha iPhone X jahonda eng zo‘r hisoblanadi. U sekundiga 60 kadrdan iborat bo‘lgan 4K UHD sig‘imli video yoza oladi. Boshqa zamonaviy smartfonlar esa sekundiga 30 ta kadrni muhrlash imkoniga ega. Kadr soni oshgani sayin tasvirning sifati ham oshadi.

Shu bilan birga, Samsung Galaxy S9 hamda Galaxy S9+ flagmanlarida o‘rnatiladigan Exynos 9810 protsessori suratlarni qayta ishlashning ilg‘or algoritmlariga ega bo‘lishadi. Ayniqsa, qorong‘u va yorug‘lik past sharoitda olingan suratlarni yaxshilash bo‘yicha "sun’iy aql" funksiyasi joriy qilinadi. Ayni paytda Janubiy koreyalik korporatsiya jahonning ko‘plab mamlakatlarida «The Camera. Reimagined» nomli savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazgan. U o‘z nomi bilan aytib turibdiki, Samsung'ning yangi flagmani fotosurat va video olishda tengsiz bo‘ladi.

Koreyalik jurnalistlarning ma’lum qilishlaricha, Samsung Galaxy S9 va uning yuqori talqinida suratni qayta ishlashga mas’ul bo‘lgan 2 ta mustaqil chip bo‘ladi. Ular suratdagi "shovqin" va yaltirab qolgan kadrlarni to‘g‘irlaydi. Qolaversa, ham orqa va old kameralardagi ikki karralik optik barqarorlashtirish tizimi ham ayni muddao.

Galaxy S9 va Galaxy S9+ rasmiy taqdimoti 2018 yilning 26 fevralida, Barselonada bo‘ladigan MWC 2018 anjumani doirasidagi Galaxy Unpacked anjumanida bo‘lib o‘tadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!