Samsung Gear VR shlemining II avlodini sotuvga chiqardi

Samsung Gear VR shlemining II avlodini sotuvga chiqardi

Samsung Amerikaning Oculus VR virtual voqelik texnologiyasini rivojlantiruvchi kompaniyasi bilan hamkorlikda Gear VR – elektron voqelik shlemining takomillashtirilgan, ikkinchi avlodini sotuvga chiqarganini rasman e’lon qildi.

99 AQSh dollariga baholanayotgan qurilma boshqa variantlariga qaraganda ancha qulay. Gadjetdan foydalanish uchun Samsung’ning eng oldi Galaxy Note 5, Galaxy S6 Edge+, Galaxy S6 hamda Galaxy S6 Edge muvaffaqiyatli telefon apparatlari kerak bo‘ladi.

Samsung Gear VR qurilmasining og‘irligi 318 gramm. Uning tashqi o‘lchamlari hajmi 201,9 x 116,4 x 92, 6 mm.ni tashkil qiladi. Qurilmaning kuzatish burchagi 96°. Shuningdek, unga o‘ta sezuvchan sensor paneli ham o‘rnatilgan.

Gear VR’ning imkoniyatlari

Netflix onlayn multimedia va internet televideniye tarmog‘iga ulanish imkoni endi yanada qulay. Uni olib yurish mumkin bo‘lgan ko‘chma o‘yinlar portali deyish mumkin. Oculus kompaniyasi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, qurilmadagi o‘yin va dasturlar soni joriy yilning dekabr oyida yana yuztaga ko‘payadi.

Gear VR yordamida filmlarni kinoteatr muhitida o‘tirgandek, yirik hajmda tomosha qilish mumkin. Oculus’ning qurilmaga o‘rnatilgan Alpha ijtimoiy dasturi orqali foydalanuvchilar do‘stlari bilan aloqa o‘rnatishlari mumkin.

Shuningdek, uning yordamida YouTube’da videolar tomosha qilish, oylik 45 million elektron o‘yinlar ishqibozlari fikr almashadigan Twitch video platformasi va portalidan qulay foydalanish imkoni yaratilgan.

Samsung Gear VR’ning sotuvga chiqarilgan qismi Amazon, Best Buy hamda AT&T onlayn do‘konlarida qisqa muddatda sotilib bo‘ldi. Hozircha elektron buyurtma berayotgan mijozlarga “Ayni vaqtda omborxonalarda mavjud emas. Qurilmani sotib olish imkoni paydo bo‘lishi bilan sizga xabar beramiz,” mazmunidagi xabarlar yuborilmoqda.