Samsung iyunda Galaxy S8’ning yana bir talqinini taqdim qiladi

Samsung iyunda Galaxy S8’ning yana bir talqinini taqdim qiladi

Samsung mart oyida taqdim qilgan Galaxy S8 hamda Galaxy S8+ flagman smartfonlari bozorga iPhone 7 gadjetiga qarshi chiqarilgani ma’lum. iPhone 7 esa korpusining pishiq-puxtaligi bilan ulardan ustun. Boisi, yangi geleksi apparatlarining tashqi dizayni kelajakka xos yechimga ega: to‘liq shishali va romsiz old panel bundan keyingi smartfonlar uchun ham namuna vazifasini bajaradi.

Taniqli SamMobile nashriga ko‘ra, Samsung kompaniyasi flagmanlarining muvaffaqiyat qozonishiga ishonsa ham, har ehtimolga qarshi, zahirada shu nomli boshqa smartfon modelini ham tayyorlab qo‘ygan. Samsung ishqibozlari o‘ta nozik bo‘lgan Galaxy S8’ni xushlamagan taqdirda, kompaniya uning o‘ta chidamli yangi talqini ustida ham bosh qotirgan. Maxsus — Galaxy S8 Active modelining shartli nomi «Cruiser» bo‘lib, SM-G892A indeksi ostida ishlab chiqariladi.

Nega aynan kreyser? “Tezyurar va uzoqqa suzuvchi katta harbiy kema” ma’nosini beruvchi bu so‘z Samsung’ning Galaxy S8 Active nomi bilan joy va sharoit tanlamas mobil aloqa vositasini taqdim etomqchiligini bildiradi. Jumladan, Galaxy S8 Active katta sig‘imli akkumulyatorga, zarbalardan himoyalanganlikni kafolatlaydigan MIL-STD-810G standarti hamda suv va chang ta’siriga bardoshliligini anglatuvchi IP68 standartiga ega korpus bilan ta’minlanadi. Biroq, smartfon dizayni “g‘isht” telefonlarni eslatishi boshqa masala.

Ikki yonga silliq yotqizilgan displeyga ega Samsung Galaxy S8 old paneldagi Home tugmasidan ham mahrum qilingan. Active modelida esa ekran quyisidagi barcha tugmalar o‘z joyida qolgan. Bu esa undan suv ostida ham qulay foydalanish imkonini beradi.

Galaxy S8 flagmanining maxsus modifikatsiyasi iyunda taqdim etiladi.