Samsung J3 (2017) sotuvga chiqdi: pulni tejaymizmi?

Samsung J3 (2017) sotuvga chiqdi: pulni tejaymizmi?

"Galaxy J" turkumining 2017 yilda ishlab chiqarilgan eng arzon modellaridan biri  —  ayni paytda xalqaro smartfon bozorida 215 AQSh dollaridan sotilmoqda. Metall korpus, orqa panelda antenna uchun plastik uloqlardan foydalanilgan smartfon dizayni ko‘rinishdan Samsung'ning hamyonbop smartfonlarini eslatib yuboradi: kamtarin va ixcham, yig‘ilishi pishiq, Samsung gadjetlari orasida bu qadar mustahkami kamdan-kam.

Biroq smartfon ehtiyotkorlikka muhtoj: metall o‘ta nozik, orqa panel oson qirilishi mumkin. Old panel ham noiz, barmoq izlari va dog‘-dug‘ga qarshi plyonka qoplamasi mavjud bo‘lsa ham, u qadar ideal deb bo‘lmaydi.   

 

Ekran: u qadar ham, ya’ni flagmanlarniki kabi sifatli AMOLED deb bo‘lmaydi

Displey diagonali o‘rtacha — 5 dyuym. Uning piksellar sig‘imi puliga yarasha -- HD (ba’zi suratlarda piksellar ko‘rinib turadi). Ekran matritsasi — SuperAMOLED. Smartfonning "katta akalari" J5 va J7 smartfonlarida ham SuperAMOLED matritsa bo‘lsa-da, J3 ekrani bilan solishtirib ko‘rganda, hamyonbop talqindagi matritsa sifati yaqqol ko‘rinadi: tasvir aks etishi ekran markazida va burchaklarida 2 xil, rang-tasvir uzatishi yuqori darajada emas. Displey yorqinligi ham barchani xursand qilmasligi mumkin, quyosh nuri ostida ekran o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Bu o‘rinda hamyonbop ishlab chiqarishda peshqadam bo‘lgan Xiaomi yoki Meizu kabi, nisbatan arzon, ammo siatli bo‘lgan IPS matritsadan foydalanilgan yaxshi edi.


Tormoz"lanish kuzatiladi

Hamyonbop haqida gap ketganida, qotib qolishlar va uzilishlar Samsung'ning tejamkor smartfonlari uchun global muammo. Garchi, smartfonda eng yangi — 7-avlod Android operatsion tizimi joriy qilingan bo‘lsa ham, dasturlarning tezkor ishlashi foydalanuvchini qoniqtirmasligi mumkin.

Sababi — protsessor kuchsizroq. Galaxy J3 samaradorlikda o‘zidagi 4 yadroli Exynos 7570 yoki Qualcomm Snapdragon 4xx protsessori, 2 gigabaytli tezkor xotirasi bilan maqtana olmaydi.

Stereo ovozdan umid qilmasa ham bo‘ladi, karnayning ovoz uzatishi u qadar baland emas, biroq toza va audio quloqchinlarda yaxshi yangraydi.

Doimiy xotira minimal — 16 GB, shu bilan birga microSD xotira fleshkasi uchun bo‘lmacha mavjud. Bu bo‘lmachaga 2 ta sim-karta hamda ular bilan birga bitta xotira kartasini joylashtirish mumkin. 

 

Akkumulyator sig‘imi va quvvatdorlik

Akkumulyator bor-yo‘g‘i 2400 mA soat bo‘lsa ham, uning to‘liq quvvat bilan ishlash vaqti — qoyilmaqom! Smartfon to‘liq quvvat bilan videoni 10 soat davomida ijro etishi mumkin. J3 (2017) smartfonida o‘yinlarni uzog‘i bilan 5 soat mobaynida uzluksiz o‘ynash mumkin. Umuman olganda, bu kuchsiz prosessor hamda tejamkor AMOLED  ekranga xos natija.

Ammo, xursand qiladigan tomoni -- smartfondan o‘rtacha, me’yorida foydalanganda uni har kuni quvvatlash talab qilinmaydi. Bu esa ko‘pchilik uchun ayni muddao. 

 

Kamera oddiy, biroq atofokus aniq ishlaydi

Samsung Galaxy J3 kameralari — 13 megapikselli bosh kamera f/1,9 aperturaga ega hamda old kamera 5 megapikselli bo‘lib, f/2,2 yorug‘lik linzasiga ega. Ularning manzarani matritsaga muhrlash sifatini yomon deb bo‘lmaydi. Yaxshi deyish ham qaysidir ma’noda bir oz bo‘rttirish bo‘lishi mumkin: matritsada dinamik diapazonni qamrab olish imkoni u qadar yuqori emas, shu bois ba’zida rang-tasvirni tabiiy muhrlashga qiynaladi. Ammo yaxshi tomoni — avtofokus 90% holatda aniq ishlaydi. Hatto tunda ham.

Quyida Samsung Galaxy J3 kamerasida olingan suratlarga baho bering.





Umuman olganda, kamerada olingan suratlar sifati yomon emas.

Internet sekin ishlaydi

Samsung Galaxy J3 aloqaning 4G tarmog‘ida ham ishlaydi. To‘g‘ri, imtihonlar jarayonida J3 to‘plagan natijalar J5 va J7 smartfonlariga qaraganda 8-9% yomonroq. Shu bilan birga, Speedtest.net resursidagi imtihonlarga ko‘ra smartfonda ma’lumotlarni qabul qilish tezligi ham past -- 6,30 Mbit/s. Boisi, hamyonbop smartfonga arzon chipset va radiomodul o‘rnatilgan.

Navigatsiyaning ishlashi super: GPS sun’iy yo‘ldosh tizimiga Galaxy J3 15 sekundda ulanadi, ko‘z ochib yumguncha ishga tushadi.

Kuchli jihatlar

Samsung Galaxy J3 (2017)'ning kuchli tomonlari — to‘liq quvvat bilan uzoq ishlashi va koreyalik ishlab chiqaruvchiga xos an’anaviy dizayn yechimi. Shuningdek, 2 ta SIM-karta va alohida xotira kartasi uchun bo‘lmacha mavjudligi ham ko‘ngildagidek.

 

Terabayt fikri

215 AQSh dollari evaziga siz nomi chiqqan va ishonchni oqlagan brendning puliga yarasha smartfonini olasiz. To‘g‘ri, bu pulga Xiaomi'ning yaxshi gadjetlarini yoki Asus ZenFone 3 Max kabi ichki platformasi nisbatan kuchliroq, barmoq izlari skaneriga ega va kamerasi yaxshiroq smartfonlarini xarid qilish mumkin. Yoki bu narxga Meizu U20 kabi sifatli ekranga ega, korpusi shisha va metalldan tayyorlangan smartfonlarni ham xarid qilish mumkin. 

Jumladan, bu narxga 5 dyuymli Lenovo K6, Xiaomi Redmi 4X, Nokia 3 smartfonlarini sotib olsa bo‘ladi. Ammo, Samsung J3 (2017)'ning bitta ustun tomoni bor — SuperAMOLED ekran, uzoqqa yetadigan akkumulyator, va albatta Samsung degan brend.  

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!