Samsung J7 2016: ilhom va ilg‘orlik uyg‘un hamyonbop gadjet

Samsung J7 2016: ilhom va ilg‘orlik uyg‘un hamyonbop gadjet

Qisqacha texnik tavsif

Operatsion tizim: Android 6.0.1.

Displey: SuperAMOLED, 5.5 dyuym, 1280x720 piksel sig‘imli (267 ppi), “ko‘chada” rejimi mavjud, yorug‘likni avtomatik sozlash tizimi tatbiq etilmagan.

Xotira: talqinidan kelib chiqib, 2/3 GB tezkor xotira, 16 GB (10.8 GB foydalanuvchi uchun) doimiy ichki xotira, 128 GB.gacha qo‘shimcha xotira kartasini o‘qiydigan bo‘lmacha.

Protsessor: Exynos 7870, chastota tezligi 1.6 GGs bo‘lgan 8 yadroli, Mali-T830 grafik protsessori.

Bosh kamera: 13 megapikselli, yorug‘lik qamrovi – f/1.9, svetodiodli fotochaqnoq.

Old kamera: 5 megapikselli, svetodiodli fotochaqnoq.

Akkumulyator: Li-Ion 3300 mA soat, to‘liq quvvat bilan 22 soat video tomosha qilish, 11/14/15  soat aloqa tarmoqlarida (3G/4G/Wi-Fi) ishlash mumkin. Favqulodda quvvat tejash rejimi mavjud.

Sim karta: 2 ta microSIM-kartalar.

Aloqa tarmoqlari: 2G, 3G, 4G, GPRS, HSPA, EDGE, LTE, Wi-Fi 802.11 b,g,n, Bluetooth 4.1, NFC, FM-radio.

O‘lchamlari: 151.7x76x7.8 mm, og‘irligi – 169 gramm.

Komplektda smartfon apparati, akkumulyator, quvvatlash qurilmasi, USB kabeli, simli stereogarnitura, qo‘llanma mavjud bo‘ladi.

Samsung J7 2016: Xalqaro bozordagi o‘rni

Geleksi smartfonlari oilasining “J” turkumi 2015 yildan boshlab ishlab chiqarila boshlangan. “J” modeli ham “A” turkumi singari hamyonbop, biroq mazkur turkumga kiruvchi smartfonlardan nisbatan kuchsizroq jihatlarga ega. Uning o‘lchamlari, ekran diagonali “A” turkumni eslatadi. Ba’zi bir kichkina jihatlarning joriy qilinmagani kim uchundir ahamiyatli, kim uchundir u qadar muhim emas.

Xitoyning ba’zi smartfonlari bilan solishtirganda, 5.5 dyuymli “J” turkumi raqobatda ustun kelishi tayin. Narx-navosi ham xitoylik “shovvoz” smartfonlar bilan deyarli bir xil. Samsung Galaxy J7 2016 xalqaro smartfon bozorida eng ko‘p sotilayotgan hamyonbop mobil telefonlar qatoridan o‘rin egallagan.

Nega? Gap shundaki, xitoylik yoki boshqa kompaniyalar 5.5 dyuymli ko‘plab turdagi fabletlarni bozorga chiqarishsa-da, ularning ommaviy sotilishida bir to‘siq bor – xaridor ularni Samsungni bilganchalik yaxshi bilmaydi. Ya’ni, endi chiqib kelayotgan brendlar hali ishonchni oqlamagan. Ularning arzon gadjetlarida u yoki bu turdagi kamchilik albatta kuzatiladi. Qolaversa,  J7 SuperAMOLED ekran ushbu mobil aloqa vositasining raqiblaridan ustunligini ta’minlaydi.

2016 yilda Samsung J7’ga bo‘lgan qiziqishni inobatga olib, uni bir qator yangi jihatlar bilan, jumladan pardoz dizaynini, 2 barobar uzog‘roq ishlaydigan quvvat texnologiyasini yangiladi. Shuningdek, operativ xotira sig‘imi ham kengaydi. Ammo kuchli va uzoqqa yetadigan akkumulyator uning bozordagi o‘rnini mustahkamladi.

Bu Samsung’ning mustahkam quvvat tizimi va Exynos protsessorlari tatbiq etilgan ikl hamyonbop smartfoni. Ya’ni, ba’zi jihatlari bilan u flagman darajasidagi “aqlli telefon”lar bilan kuch sinasha oladi.

Samsung Galaxy J7 2016 yirik va sifatli ekranga ega bo‘lgan, o‘yin o‘ynashni yoki video tasvir tomosha qilishni istagan, 1-2 kun smartfonni quvvatlash tashvishidan xalos bo‘lish orzusida yurgan smartfon ishqibozlari uchun ishlab chiqariladi.

Gapni qisqa qilib, batafsil tavsifga o‘tamiz.

Samsung J7 2016: Dizayn, o‘lchamlari hamda boshqaruv elementlari

Bu ilk shaxsiy tavsifim bo‘lgani uchun Galaxy J7 2016’ni o‘zgacha hayajon va e’tibor bilan qo‘lga oldim. Kaftga “qo‘nishi” bilan korpus atrofini o‘rab olgan alyuminiy metallidan ishlangan romning salobatini his qilish mumkin. 2015 yilgi modelda plastik xomashyosidan foydalanilgan edi.

Metall rom ergonomikasi, ya’ni qirradorligi, shakldorligi muvaffaqiyatli chiqqan. Shu bois ham, smartfon kaftga mustahkam o‘rnashadi.  J7 bozorga oq, qora, tillarang korpusli talqinlarda sotuvga chiqarilmoqda.

Telefon apparatida qismlarga ajratiladigan korpus dizaynining saqlab qolingani yaxshi bo‘lgan. Kerak vaziyatda uni ko‘tarib xizmat ko‘rsatish markaziga chopish shart bo‘lmaydi.

Orqa korpus plastikdan tayyorlangan va osonlik bilan yechiladi. Ichkarida esa   microSIM-kartalar uchun 2 ta bo‘lmacha va alohida qo‘shimcha xotira kartasi uchun bo‘lmachani ko‘rasiz. Sim-kartani o‘rnatish uchun akkumulyatorni o‘rnidan olib turish kerak bo‘ladi.

Samsung Galaxy J7 2016’da avvalgi yilgi modeldan farqli ravishda, korpusning chap yonidagi ovozni boshqarish tugmalari yagona emas, alohida tugmalar ko‘rinishida qilingan. Bu ulardan foydalanishda qulaylik tug‘diradi.

Korpusning o‘ng biqinidan esa O‘chirish/ Yoqish tugmasi o‘rin egallagan.

Korpusning quyi qismida 3.5 mm audio konnektor, microUSB turidagi port hamda mikrofon uchun joy ajratilgan. Mikrofoning bittaligi ham uning hamyonbop ekanligini eslatib turadi.

Samsung Galaxy J7 2016’ning old panelida ham fotochaqnoq mavjud. Shu sababli ham selfi-kamerali smartfonlar ichida munosib o‘ringa ega. Bir tomondan esa bu marketing yondashuvi bo‘lishi mumkin.

Ekran tepasida chapdan o‘nga tomon old kamera, muloqot dinamigi, masofa-oraliq datchigi, fotochaqnoq joylashgan.

Ekranning quyi qismida mexanik ko‘rinishdagi “Home” tugmasi, sensor ko‘rinishdagi “Menyu” hamda “Orqaga” tugmalari mavjud. Ushbu tugmalar ekranosti yorug‘ligiga ega emas.

20150101_051744

Korpusning tom qismi antenna uchun qo‘yilgan plastik uloqlarni hisobga olmasa, bo‘m-bo‘sh.

Orqa paneldan esa tashqi ovoz dinamigi, korpusdan bir oz bo‘rtib chiqqan kamera tuynugi hamda svetodiodli fotochaqnoq o‘rin olgan.

Galaxy J7 2016’ning korpus o‘lchamlari 151.7x76x7.8 mm, og‘irligi – 169 grammni tashkil etadi. Bu jihatdan uning o‘lchami fabletni eslatadi va biror o‘ziga xoslik mavjud emas. Telefon apparati yetarlicha yupqa. Uni sinov davomida klassik yoki jinsi shimda, kostyum cho‘ntagida olib yurganimda ham biror malollik tug‘dirgani yo‘q.

Boshqaruv elementlari orasida barmoq izlari skaneri, o‘tkazib yuborilgan holatlardan boxabar qiluvchi indikatorning bo‘lishi maqsadga muvofiq edi.

Samsung Galaxy J7 2016 korpusining yig‘ilishi, detallarning o‘rnashishi ko‘ngildagiday: korpus pishiq va mustahkam. Avvalgi model bilan taqqoslaganda, bu gal chin ma’noda “metall geleksi” yig‘ishga erishilgan.

Galaxy J7 2016 telefon apparatining alyuminiy romi atrofi bo‘ylab yotqizilgan jilodor metall bezak qirrasi uning dizayniga xos bezak-pardoz yechimiga o‘zgacha nafislik bag‘ishlaydi. Orqa panel ham xuddi shunday jilodor metall zihga ega.

Metall rom, ayniqsa yozning issiq kunlarida qo‘lga olganda salqinligi bilan yoqimli taassurot uyg‘otadi. U silliq bo‘lsa ham, sirpanchiq emas. Uning keng va aniq, qirrador hoshiyalari sabab telefonni stol ustidan har qanday sharoitda ham osonlik bilan qo‘lga olish mumkin.

20150101_052832

Samsung J7 2016: Displey va ekran

Telefon apparatida SuperAMOLED platformasida ishlaydigan ekranning  borligi – bu katta va ahamiyatli ustunlik. Xaridorlar hali hamyonbop telefonlarda bu kabi jihatga guvoh bo‘lmagan edilar. Bu kutilmagan sovg‘aday gap. Ekran faoliyatini muvofiqlashtiruvchi rejim mavjud.

Ekran diagonali 5.5 dyuym, uning piksel sig‘imi 1280x720 belgiga teng, ya’ni har dyuymda 267 piksel. Aytish kerakki, HD sig‘im 5.5 dyuym ekran uchun munosib yechim. Galaxy J7 (2016)’ning Full HD sig‘im va 3 GB tezkor xotirali talqini Sharqiy Osiyo bozori uchun mo‘ljallangan.

Telefonda ekran yorug‘ligini avtomatik tarzda muvofiqlashtirib boradigan tizim mavjud emas. Ko‘chaga chiqadigan bo‘lsangiz, “Ko‘chada” rejimi sizga tashqi sharoitda ham telefon displeyida matn o‘qish, tasvir ko‘rish imkonini beradi. Yoki siz o‘zingiz uchun qulay bo‘lgan yorug‘lik darajasini smartfonga o‘rnatishingiz mumkin. Bu tizimdan voz kechilganlik sababini sodda qilib batareya yanada uzog‘roq ishlashi uchun, deb izohlash mumkin.

“Ko‘chada” rejimi yorug‘ sharoitda ham tasvirni aniq ko‘rish imkonini beradi. Bu rejim ekranni o‘chirmasangiz, 15 daqiqagacha ishlar ekan. Bu rejimda ekranning texnik jihatlari foydalanuvchiga ekranosti yorug‘ligini keng diapazonda boshqarish, yorug‘likni maksimal holatda yorug‘lik kuchi 500 kd/m2’ni tashkil etadi. O‘z navbatida, akkumulyatordagi quvvat iste’molining darajasi ham keskin ko‘tariladi.

Geleksi oilasida J7 eng yaxshi ekranga ega smartfonlardan biri hisoblanadi. Shu jihati bilan u ko‘pchilikka ma’qul kelgan. Qolaversa, rang gammasini qo‘lda boshqarish funksiyasi ham ko‘pchilik uchug ayni muddao bo‘ldi. Biroq, yorug‘lik darajasini avtomatik boshqarish tizimi katta kamchilik sifatida baholanmoqda. Bu apparatdagi jiddiy kamchilik.

Samsung J7 2016: Akkumulyator

Yuqorida aytib o‘tganimdek, Galaxy J7 (2016) o‘zining kuchli akkumulyatori bilan maqtanishi mumkin. Akkumulyator qo‘lda yechib olinadigan. Bu esa ko‘pchilik foydalanuvchilar uchun qulay.

 Li-Ion “quvvat toshi”ning elektr toki sig‘imi 3300 mA soatni tashkil qiladi. Akkumulyator to‘la quvvat olishi uchun taxminan 2.5 soat kerak bo‘ldi.

Qo‘limdagi J7 apparatini o‘rganish jarayonida uning “ajdodi” bo‘mish 2015 yilgi talqinni ham birato‘la tadqiq qildim. Ma’lumotlarga ko‘ra avvalgisini to‘la quvvatlab,  2 sutka davomida faol foydalanish mumkin bo‘lgan ekan. Yangi talqinda esa kuchliroq protsessorning qo‘yilgani tufayli akkumulyator sig‘iining kattalashgani u qadar ahamiyat kasb etmasa kerak, degan xayolda edim. Ammo, natijalar meni hayratga soldi.

J7 2016 telefonining quvvatini 2 maroatab sinovdan o‘tkazishga majbur bo‘ldim. Boisi, bunga to‘liq ishonch hosil qilishim kerak edi. MX Player ilovasi orqali yuqori sig‘imli video tasvirni maksimal yorug‘lik darajasida ko‘rganimda to‘liq quvvat 22 soatga turib berdi. Avvalgi modelning bu boradagi ko‘rsatkichi 13 soat bo‘lganini hisobga olsak, akkumulyator telefon hayotini deyarli 2 barobarga uzaytirgan.

Samsung Galaxy J7 2016’ni 1 dona sim karta bilan ishlatib ko‘rganimda uning to‘la quvvati 3,5-4 kunga yetdi. Bu orada 1 GB hajmidagi ma’lumot almashish, ekrannig o‘rtacha ekranosti yorug‘ligida 5 soat ishlashi kiradi. Aytish mumkinki, telefon apparatidan o‘rtacha foydalanganda smartfon 3 sutka mobaynida sizdan uni quvvatlantirishni so‘ramaydi. Internetdan foydalanmay, o‘rtacha muloqot qilishda foydalansangiz to‘la quvvat apparatga 100 soatga yetadi.

Undan yuqori darajadagi faollikda foydalanganimizda, uning to‘la quvvati 2 sutkaga yetib berdi. Shunisi bilan hamyonbop smartfonlar orasida rekord o‘rnatgan Samsung Galaxy J7 2016 barchaga manzur bo‘lmoqda.

Telefon apparatidan foydalanish chog‘ida  bilan 3 kunga mehnat safariga borishga to‘g‘ri keldi. Bu jarayonda smartfondan asosan suratga tushirishdan foydalandim va deyarli internet tarmog‘iga kirmadim. Muloqot ham kuniga o‘rtacha 20 daqiqadan oshgani yo‘q. To‘rtinchi kun uyga qaytib kelib ko‘rsam, quvvat ko‘rsatkichi  54 foizni ko‘rsatib turibdi.

20160906_224723

Ko‘rib turganingizdek, akkumulyatorda qolgan 9 foiz quvvat ham favqulodda quvvatni tejash rejimida 10 soat 34 daqiqaga yetishi mumkin. Quvvatni oddiy va favqulodda tejash rejimlari taklif qilinadi. Qurilma asosiy quvvatini, ya’ni 29 foiz quvvatni SuperAmoled ekrani uchun sarflaydi.

Telefon apparatida quvvatni tejashga xizmat qiladigan ilovalarni avtomatik tarzda ishga tushiradi. Ya’ni, agar siz biror ilovani 3 kun ishlatmasangiz, bu ilova o‘z-o‘zidan quvvatni tejash rejimiga tushadi. Bunda ilova qo‘shimcha ogohlantirishlarni ko‘rsatmasligi mumkin.

Shuningdek, telefon protsessorining ishlash tezlgini kamaytirish orqali ham quvvatni tejash mumkin.

Bu haqiqiy ma’noda tejamkor telefonligi bilan ajralib turadi. Hatto, undan foydalanish davrida smartfonni har tun uyqudan ketish oldidan rozetkaga qo‘yish odatidan xalos bo‘lasiz.

20150101_052539

Samsung J7 2016: Kamera

Bosh va old kamera fotochaqnoqqa ega. 2015 yilgi talqin old kamera ham fotochaqnoqqa ega ilk smartfon sifatida shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Shunisi bilan telefon apparati selfi-kamerali gadjetlar qatoridan o‘rin egallagan.

5 megapikselli kamerada olingan suratlarni qabul qilsa bo‘ladi. To‘g‘ri, ularning sifati  Samsung’ning flagmanlari olgan suratlar kabi o‘ta sifatli emas. Boshqa tomondan esa, bular boshqa qurilmalar olgan suratlar sifatidan ustun. Old kamerada ham yuz va boshqa effektlarni amalga oshiradigan tizimlar mavjud.

Old kameraning yorug‘likni qamrab olishi, oq tus me’yorini aniqlashi, aniqligida biror jiddiy kamchilik mavjud emas.

Bosh kamera 13 megapikselli. Uning interfeysi 2015 yilgi modellarniki kabi. Ya’ni, ilovada “Avtomatik”, “Pofessional”, “Panorama”, “Davomli kadr”, “Go‘zal yuz”, “Ovozli kadr”, “Sport” kabi rejimlardan birini tanlash mumkin. Misol uchun, Pro rejimida barcha, jumladan oq tus me’yorini qo‘shish,  ISO sozlamalarini mustaqil o‘rnatishingiz mumkin.

Tashqi, ya’ni yorug‘lik yaxshi sharoitda olingan surat yorqin va detallarning aniqligi bilan ajralib turadi.

Sinov chog‘ida olingan suratlardan ko‘rinib turibdiki, hamyonbop smartfonlar orasida Galaxy J7 2016 bosh kamerasi sifatli suratlari bilan ajralib turadi.

Bosh kamera avtofokus, tach-fokus (bosh tugmani bosib turib kadrni tiniqlashtirish), yuzni aniqlash, HDR kabi tizimlarga ega.

Shu vaqtga qadar 13 megapikselli kameralar olgan bir qator suratlarning sifati bu qadar emasligiga guvoh bo‘lganmiz. Buning barchasi kadrlarni qayta ishlash algoritmining afzalligi bilan o‘lchanadi.

Quyida sinov davrida olingan suratlarning sifatiga baho bering.

Galaxy J7 2016’da bu jarayon mukammal amalga oshib, foydalanuvchiga yuqori sifatli, tiniq suratlar taqdim qilinadi. Bosh kamera flagmanlarga xos 2K emas, FullHD sig‘imli video tasivr yoza oladi. Bu esa ko‘pchilikni qoniqtiradi.

Umumiy olganda shaxsan men Galaxy J7 2016’ning kamera “ijodi”ga yaxshi baho beraman. Xulosa qilib aytish mumkinki, har ikkala kamera yaxshi suratga oladi.

Samsung J7 2016: Kommunikatsiya imkoniyatlari

Samsung Galaxy J7 2016 hamyonbop gadjet sifatida o‘z foydalanuvchilariga aloqaning 2G, 3G, 4G, GPRS, HSPA, EDGE, LTE tarmoq xizmatlarini ko‘rsatadi. Unda Bluetooth 4.1, Wi-Fi 802.11 b/g/n, USB 2.0, GPS/GLONASS kabi simsiz ma’lumot almashish tarmoqlaridan foydalanish mumkin. Shuningdek, NFC yaqin masofada turib kontaktsiz aloqa o‘rnatish texnologiyasi to‘lovni kartochkasiz to‘lash imkonini beradi. Apparat LTE cat.4 tarmog‘ini ham qo‘llab-quvvatlaydi va bexato ishlaydi.

Samsung J7 2016: Protsessor, platforma hamda samaradorlik

Exynos 7870 protsessori 8 yadrodan biorat va uning chastota tezligi 1.6 GGs.gacha ko‘tariladi. Telefonda Mali-T830  grafik protsessori o‘rnatilgan.

Exynos 7870 protsessori Galaxy J7 2015’dagi 7580 modelining takomillashgan talqini hisoblanadi. Yangi protsessor 14 nanometrli texnik jarayonga asoslangan. Samsung vakillari ma’lum qilganlaridek, protsessor chindan ham energotejamkorligi bilan ajralib turadi.  Hozircha Galaxy J7 (2016) ilg‘or Exynos 7870 “elektron yuragi”ga ega yagona smartfon.

Mali-T830 MP2 videokartasi esa hamyonbop smartfonlarda keng tatbiq etilayotgan grafik-tasvir protsessoridir. Bu avvalgi modelda tatbiq etilgan videokartadan bir oz kuchliroq.

Galaxy J7 (2016) grafik-tasvirga boy o‘yinlarni hech “bir qotib qolishlar”siz o‘ynash mumkin bo‘lgan smartfon. Unda Riptide GP2, Asphalt 8 kabi video o‘yinlarni bemalol o‘ynash mumkin.

Biz o‘rgangan talqin operativ xotirasining sig‘imi 3 GB. Shuningdek, Xitoydan tashqari  bozorga mo‘ljallangan smartfon talqini 2 GB xotiraga ega. Bu hamyonbop smartfonlar uchun o‘ta zamonaviy yechim va yuqori ilg‘orlik degani.  Galaxy J7 2015 yilgi talqin esa 1,5 Gbayt operativ xotiraga ega edi.

Telefon apparati tezkor faoliyatga ega, ilovalarni zudlik bilan ochib, uzluksiz ishlay oladi, biror qotib qolishlar kuzatilmaydi. Telefonni 2 hafta mobaynida sinovdan o‘tkazgan bo‘lsam, uning faoliyatiga faqatgina tezkor deb baho berish mumkin. Hamyonbop gadjet bo‘lsa ham, tezkorligi uncha-muncha flagmanlarnikidan qolishmaydi.

Uning doimiy ichki xotirasi  – 16 GB bo‘lib, foydalanuvchi uchun 10.8 GB ajratiladi. Shu bilan birga, 128 GB ma’lumot ketadigan qo‘shimcha xotira kartasini o‘rnatish mumkin.

Platforma, protsessor va xotira borasida xulosa qiladigan bo‘lsak, yangicha protsessor, katta “operativka”ga ega smartfon samaradorligi yuqori.

Samsung J7 2016: Operatsion tizim va dasturiy ta’minot

Aytish kerakki, Galaxy J7 2016 kompaniya flagmanlarda tatbiq etadigan dastur va operatsion tizimdan bahramand bo‘lgan ilk hamyonbop smartfondir. U Android 6.0.1 operatsion tizimining moslashtirilgan TouchWiz tizimi boshqaruvida ishlaydi.

Meni o‘ziga jab qilgan jihatlaridan biri bu – operatsion tizimda flagman telefon apparatlariga xos Smart Manager funksiyasining tatbiq etilgani bo‘ldi. Ma’lumki, xotirani boshqarish, keraksiz fayllarni ko‘rish, operativ xotirani tozalab turish va shu orqali smartfonning yanada tezkor ishlashiga erishishda bu ayni zarur funksiya hisoblanadi.

Apparat tizimida FM-radiosi bo‘lib, yaxshi ishlaydi va efirni telefon xotirasiga ham yozib olish mumkin.

Samsung J7 2016: Narx-navo hamda raqobat

Ayni kunda Samsung Galaxy J7 (2016) xalqaro bozorda o‘rtacha 220-240 AQSh dollaridan sotilmoqda. Yurtimizda ham uning narxi 200-250 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Meizu M3 Note smartfon bozorida Galaxy J7 (2016)’ga raqiblik qilishi mumkin. Hamyonbop narxli Meizu smartfoni ham 5,5 dyuymli hamda Full HD sig‘imli IPS-ekran, 8 yadroli MediaTek Helio P10 (MT6755), Mali-T860 MP2 videokartasi va 2 gigabaytli operativ xotirasi, 16 gigabayt doimiy ichki xotira, 4100 mA*soat akkumulyator,  SIM-kart va qo‘shimcha xotira kartasini o‘qiydigan gibrid bo‘lmachalar,  GPS /GLONASS tizimlari va LTE’ni qo‘llab-quvvatlaydigan tizimga ega.  Galaxy J7 (2016) bilan solishtirganda aytish mumkinki, Android 5.1 talqiniga ega Meizu M3 Note koreyalik smartfonga yutqazib qo‘yadi. Shuningdek, 4100 mA soat quvvat ham uzoq ishlashda Galaxy J7 (2016)’ning 3300 mA soat sig‘imli “quvvat toshi”ga yutqazib qo‘yadi.

Samsung J7 2016: Taascurot va xulosalar

Ikki hafta davom etgan sinov-foydalanish jarayonida Samsung J7 2016’ning aloqa sifati bilan bog‘liq biror kamchilikka duch kelganim yo‘q. U ham Samsung kompaniyasining boshqa telefonlari qatorida yuqori sifatga ega.

Ish bor jyoda kamchilik bor, albatta. Jumladan, avvalgi talqinda bo‘lgani kabi, Samsung Galaxy J7 (2016)’da ham shovqinni pasaytiradigan tizimning tatbiq etilmagani u qadar ham quvonarli emas.  Lekin, hamyonbop smartfonlar oilasi uchun bu yetarlicha sifatli.

Qolaversa, telefonning qo‘ng‘iroq ovozi, ya’ni tashqi dinamik karnayining ovozi o‘rtachadan bir oz pastdek taassurot qoldirdi. Ba’zida qo‘ng‘iroqlarni eshitmay qolgan paytlarim ham bo‘ldi.

Metall rom, SuperAmoled ekran, old va orqa paneldagi bezak zihlari, ikki barobarga uzaygan akkumulyator faoliyati, ilg‘or Android’ning so‘nggi talqini, yorqin va aniq surat oladigan kamera sizni quvontirsa, mikrofonning bittaligi, ekranosti yorug‘ligini avtomatik sozlaydigan tizimning mavjud emasligi kim uchundir kamchilik bo‘lishi mumkin.

Doimgidek, so‘nggi tanlov, bu – sizning xohishingiz. Doimo bozoringizni bersin!

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

asaxiy.uz 1,444,500 сўм Sotib olish
olx.uz $200-250 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!