Samsung kompaniyasi Galaxy Note 7’ni bozorga qaytaradi

Samsung kompaniyasi Galaxy Note 7’ni bozorga qaytaradi

Samsung kompaniyasi bir muddat avval akkumulyatordagi nosozliklari tufayli yonib ketish holatlari ko‘p uchragan va ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan Galaxy Note 7 smartfonini smartfon bozoriga qayta olib kirishni reja qilmoqda. Bu to‘g‘rida Janubiy Koreyaning Hankyung nashri xabar tarqatgan.

Ma’lum qilinishicha, ishlab chiqaruvchi Galaxy Note 7 devaysiga yangi, 3000 yoki 3200 milliamper-soat quvvat sig‘imiga ega akkumulyatorlarni o‘rnatadi. Avvalgi quvvat toshlarining sig‘imi 3500 milliamper-soat bo‘lgan.

Qayta ishlab chiqariladigan Samsung devaysi Hindiston, Vetnam kabi rivojlanayotgan mamlakatlar bozorlarida sotiladi. Janubiy Koreya smartfon bozorida esa uning yangi Galaxy Note 8 taqdimotiga qadar sotilishi aytilmoqda.

ZDNet tadqiqotlar markazi tahlilchilarining fikricha, bu Samsung tomonidan amalga oshirilayotgan jiddiy tavakkalchilik bo‘lib, agar smartfon yana yonib ketishda davom etsa, kompaniya buning uchun davlatga katta miqdorda jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Yonish holatlari jahon miqyosida ommalashgach, kompaniya bozorga chiqarilgan 2,5 million dona smartfonlarni qayta chaqirib olinishi bo‘yicha e’lon bergan edi.
Koreya Respublikasi hukumati qarori asosida Galaxy Note 7 gadjetining qayta yig‘ib olingan va bozorga chiqishga ulgurmagan qismi omborlarda saqlanmoqda va ular qonuniy ravishda yo‘q qilinishi lozim edi.

Olib borilgan tadqiqotlarda mobil aloqa vositasining yonib ketishi sabablari Galaxy Note 7 smartfonining akkumulyatori bilan bog‘liqligi, gadjetning o‘zi xavfsiz ekani aniqlangan.

Galaxy Note 7 savdosi 2016 yilning avgust oyida boshlangan edi. Smartfonning yonib ketishi ko‘p kuzatilgach, bir qator mamlakat va muassasalarda undan foydalanish qonuniy ravishda ta’qiqlab qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Havo yo‘llari Milliy aviakompaniyasi ham kompaniya samolyotlariga Galaxy Note 7’ni olib chiqishni ta’qiqlash bo‘yicha qaror qabul qilgan.