Samsung’ning o‘rtacha smartfonlari ham Bluetooth 5.0’ni qo‘llab-quvvatlaydi

  •   DiMaX
  •  1387
  •  01.11.2017 15:43

Samsung’ning o‘rtacha smartfonlari ham Bluetooth 5.0’ni qo‘llab-quvvatlaydi

Bluetooth Special Interest Group (Bluetooth SIG) tashkilotiga sertifikatlash uchun Samsung kompaniyasi tomonidan ishlangan Exynos 7885 rusumli yangi mobil protsessor kelib tushgan. Bu haqda GSMArena nashri xabar bermoqda.

Exynos 7885 chipi koreyalik gigantning Galaxy A5 (2018) hamda Galaxy A7 (2018) rusumli smartfonlarida qo‘llanadi.

Bluetooth SIG tashkilotidagi ma’lumotlarga qaraganda, Exynos 7885 protsessori Bluetooth 5.0 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Mazkur standartning Bluetooth 4.2’dan asosiy farqlari – ma’lumot uzatish tezligining ikki karra hamda Low Energy (LE) rejimida amal qilish radiusining to‘rt karra yuqoriligi hisoblanadi. Bulardan tashqari, Bluetooth 5.0’da bitta modulga bir vaqtning o‘zida amalga oshirish mumkin bo‘lgan ulanishlar soni sakkiz karraga oshirilgan.

Shu tariqa, Exynos 7885 protsessorining chiqishi bilan o‘rta narx toifasidagi Samsung Galaxy smartfonlari Bluetooth 5.0 standartini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ladi. Ayni damda esa koreyalik ushbu ishlab chiqaruvchining faqat flagmanlari, jumladan, Galaxy S8 va Galaxy Note 8 modellari ushbu standartda ishlay oladi.

O‘QING: EKSKLYuZIV: taqdim etilmagan Galaxy A5 (2018) va Galaxy A7 (2018) suratlari hamda videosi chiqdi

Insayderlar tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Exynos 7885 protsessori 2,1 GGs.gacha chastotada ishlovchi sakkizta yadro hamda Mali-G71 grafik tezlatgichini o‘z ichiga oladi. Ushbu chip bazasida ishlaydigan qurilmalar kelgusi yilning birinchi choragida paydo bo‘ladi.