Samsung Notebook 9 Pro transformeri taqdim qilindi

Samsung Notebook 9 Pro transformeri taqdim qilindi

Samsung kompaniyasi Tayvanda o‘tkazilgan Computex 2017 elektronika mahsulotlari ko‘rgazmasi doirasida 3 iyun kuni Notebook 9 Pro nomli yangi “transformer”, ya’ni ekran paneli klaviaturaga to‘liq suyanib, planshet shakliga aylanuvchi gadjetni taqdim qildi. Uning 2016 yildagi Notebook 9 Spin’dan farqli jihati — klaviatura panelidagi maxsus bo‘lmachaga joylashtirilgan S Pen stilusidir. Endi o‘z xonasiga ega stilusni yo‘qotib qo‘yish ehtimoli pasaydi.

Windows 10 Home operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadigan noutbuk 2 talqinda — 13.3 dyuym hamda 15 dyuym ekranli versiyalarda ishlab chiqarilmoqda. Notebook 9 Pro Full HD (1080p) sig‘imli sensor ekranga ega. Ekran paneli 360 gradusga bukiladigan oshiq-moshiq yordamida orqaga to‘liq yotadi. Undan planshet sifatida ham foydalanish mumkin. S Pen qalamchasi 4000 tagacha bo‘lgan zarb darajasini tushunadi, shuningdek ham Windows Ink, ham kompaniyaning Galaxy smartfon va planshetlarida joriy qilingan shaxsiy Air Command nomli dasturlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning yordamida surat chizish, matn tahrir qilish, qaydlar yozib qoldirish mumkin.

Notebook 9 Pro noutbukining yuqori talqini Intel’ning so‘nggi avlod Core i7-7500U protsessori, AMD’ning 2 GB sig‘imli Radeon 540 videokartasi, 16 GB tezkor va 256 gigabaytli doimiy xotira bilan ta’minlangan. Uning 13.3 dyuymli talqiniga Intel’ning HD Graphics 620 videokartasi, 8 gigabaytli tezkor xotira o‘rnatilgan. Laptopda 2 ta katta hajmli USB portlari, USB Type-C porti va HDMI porti, shuningdek microSD xotira fleshkasi bo‘lmachasi mavjud.

Notebook 9 Pro’ning kuch-quvvati uchun 5400 mA soatlik elektr toki sig‘imiga ega akkumulyator javobgar. U USB Type-C porti yordamida tezkor quvvat olish ko‘nikmasiga ega. HD (720p) kamera Windows’ning foydalanuvchi qiyofasini tanib, tizimni ochadigan “Hello” dasturi bilan markazlashgan. Klaviatura ostki yoritish chiroqlari bilan ta’minlangan.

Notebook 9 Pro 2×2 Wi-Fi a/b/g/n/ac va Bluetooth 4.1 simsiz aloqa standartlarida ishlaydi.

Notebook 9 Pro’ning 2017 yil so‘ngida 1000 AQSh dollaridan boshlab sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Core i7 protsessorli talqin esa $1,500 dollargacha sotilishi mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!