Samsung premium smartfon-«raskladushka»ni taqdim qildi

Samsung premium smartfon-«raskladushka»ni taqdim qildi

Samsung kompaniyasi tomonidan yangi va qimmatbaho turkumga kiruvchi, «raskladushka» shaklidagi W2018 smartfoni taqdim qilindi.

Apparatning 2 ta, har biri 4,2 dyuymli AMOLED-ekranlari bor. Bu ekranlarning piksel sig‘imi Full HD. Smartfonga 8 yadroli, jahonning ilg‘or Snapdragon 835 protsessori, 6 GB operativ xotira hamda 64 yoki 256 gigabaytli (talqinidan kelib chiqib) doimiy xotira o‘rnatilgan.

"Aqlli telefon" akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 2 300 mA soat va uni USB-C porti yordamida quvvatlash mumkin. W2018 smartfoni Android 7.1.1 operatsion tizimining Samsung Experience 8.5 talqini boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, devays Bixby virtual yordamchisini qo‘llab-quvvatlaydi va buning uchun uning korpusida maxsus tugmacha mavjud.

Mobil qurilmada 12 megapikselli bosh kamera mavjud. Bu bosh kamera noyob xususiyatga ega: u yorug‘lik taqsimlovchi moslama ya’ni diafragma hajmini zaruratdan kelib chiqib, f/1,5 dan f/2,4 gacha kattalashtira oladi. Bu esa yorug‘lik kam sharoitda ham yaxshi surat olish uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, devaysning old kamerasining sig‘imi 5 MP.

Samsung W2018 yangi yil boshida sotuvga chiqariladi. Uning eng arzoni 2 500 AQSh dollaridan sotiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.